Avvalroq prezident 12-may kuni Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga ko‘ra, 1-avgustdan boshlab bir qator tumanlarda fitosanitariya nazorati bo‘yicha jamoatchi inspektorlarni jalb qilish bo‘yicha tajriba boshlanadi.
Ular bir yil davomida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining karantin inspektorlariga ichki fitosanitariya sertifikatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq vazifalarni bajarishda yordam beradi.
Jamoatchi inspektorlar meva-sabzavot eksporti jozibadorligini oshirishi lozim. Yangi tizim pishmagan mahsulot yig‘ilishining oldini olish va saralashni ta‘minlash, sifatli qadoqlashga o‘tish hamda sohani oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Jamoatchi inspektor lavozimiga da‘vogarlar Edukarantin.uz platformasi orqali onlayn kurslarda o‘qitiladi. Dastur bitiruvchilari qo‘mitaning hududiy boshqarmalari bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarni tuzadi.
Mukofot sifatida jamoatchi inspektorlar o‘z xulosasi asosida rasmiylashtirilgan har bir ichki fitosanitariya sertifikati uchun to‘lovdan Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamg‘armasiga tushadigan mablag‘ning 50% lik ulushini oladi.
Jamoatchi inspektorlar faoliyati qo‘mitaning axborot tizimi orqali baholab boriladi. Ularning tajriba muddati tugagandan so‘ng ish faoliyatini davom ettirishi to‘g‘risidagi qaror samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib qabul qilinadi.
Tajriba jami 20 ta tumanni qamrab oladi:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasida — Beruniy tumani;
- Andijon viloyatida — Asaka va Shahrixon tumanlari;
- Buxoro viloyatida — G‘ijduvon va Vobkent tumanlari;
- Jizzax viloyatida — G‘allaorol tumani;
- Qashqadaryo viloyatida — Koson va Yakkabog‘ tumanlari;
- Navoiy viloyatida — Xatirchi tumani;
- Namangan viloyatida — To‘raqo‘rg‘on va Chust tumanlari;
- Samarqand viloyatida — Ishtixon va Urgut tumanlari;
- Sirdaryo viloyatida — Boyovut tumani;
- Surxondaryo viloyatida — Denov va Sherobod tumanlari;
- Toshkent viloyatida — Parkent tumani;
- Farg‘ona viloyatida — Oltiariq va Rishton tumanlari;
- Xorazm viloyatida — Bog‘ot tumani.
2027-yil 1-yanvardan boshlab, mamlakatga olib kirilayotgan fitosanitar xavfi yuqori bo‘lgan karantin ostidagi ko‘chat va urug‘lik mahsulotlari nazorat o‘tkazilgunga qadar bojxona omborlariga yuklanmasdan, ularni saqlash talablariga javob beradigan joylarda saqlanadi.
Karantin ostidagi mahsulotlar ro‘yxatidan fitosanitar xavflari qayta baholangan, TIF TNNning 119 ta kodidagi tovarlarni chiqarib tashlash rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, avgust oyidan eksport qilinadigan meva-sabzavotlarning import qiluvchi davlatlarning pestitsidlar va nitratlarning qoldiq miqdoriga oid talablariga muvofiqligini tekshirishning yangi tartibi joriy etiladi. Buning uchun ikki usuldan birini qo‘llash mumkin bo‘ladi:
- ekin maydoni va hosil hajmidan kelib chiqib, akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyada o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ijobiy xulosa;
- Agroko‘makchi xizmati orqali “dala daftari"ga yetishtirish davrida pestitsidlardan foydalanish to‘g‘risida muntazam kiritib borilgan ma‘lumotlar asosidagi hisob-kitob.
Avvalroq Spot Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi huzurida biznes ishtirokida kengash tuzilishi haqida yozgandi.