Avvalroq prezident 12-may kuni Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi. Qo‘mita oziq-ovqat sanoatida standartlarga rioya etilishi bilan bog‘liq barcha vazifalar, shuningdek, veterinariya va fitosanitariya nazorati uchun mas‘uldir.
Qo‘mita huzurida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha maslahat kengashi tashkil etilmoqda. U yangi oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qo‘shimchalari, agrokimyoviy vositalar, veterinariya preparatlari va ozuqa qo‘shimchalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammolarni o‘rganib, takliflar kiritib boradi.
Shuningdek, kengash risklarni boshqarish, inspeksiya va tartibga solish sohalarida samaradorlikni oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi. Qo‘mitaning mas‘uliyat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro talablar va savdo majburiyatlariga muvofiqlashtirish ishlariga ko‘maklashish ham uning vazifalaridan biridir.
Qo‘mita oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va davlat siyosatini ishlab chiqishda kengash tashabbuslarini inobatga oladi.
Bundan tashqari, maslahat kengashi oziq-ovqat xavfsizligi mavzusida idoralararo munozaralar hamda davlat organlari va oziq-ovqat sanoati o‘rtasidagi muloqot uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi. Uning tarkibiga barcha manfaatdor tomonlar vakillari, jumladan, quyidagilar kiradi:
- mas‘ul boshqaruv va nazorat organlari;
- oziq-ovqat biznesi operatorlari va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasidagi korxonalar;
- iste‘molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari;
- ilmiy va akademik muassasalar, muvofiqlikni baholash organlari;
- OAV va blogerlar.
2026-yil 1-dekabrga qadar Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi milliy strategiyasi loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. U Kodeks Alimentarius standartlariga asoslangan xavfsizlik qoidalari va normalarini amaliyotga joriy etishni ko‘zda tutishi lozim.
Strategiya doirasida oziq-ovqat biznesi operatorlari bilan maslahatlashuvlar va ular uchun muntazam treninglar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Uni ishlab chiqishda risklarga asoslangan tekshiruv va majburiyat to‘g‘risida xabardor qilishni o‘z ichiga olgan risklarni baholash va boshqarish tartibini joriy etishni nazarda tutish talab qilinadi. Inspeksiya, ro‘yxatga olish, monitoring, kuzatuv va risk-tahlil jarayonlari integratsiyalashgan raqamli platforma yordamida xalqaro standartlar asosida amalga oshiriladi.
Farmonda, shuningdek, 2027-yildan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta‘minlash bilan bog‘liq oltita funksiyani bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish ko‘zda tutilgan:
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va gigiyena sohasidagi majburiy talablarga muvofiqlik bo‘yicha maxsus ekspertiza;
- oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va gigiyena sohasida laboratoriya tadqiqotlari;
- veterinariya-laboratoriya xizmatlari;
- hayvonlarni emlash va davolash;
- dezinfeksiya ishlarini tashkil etish va o‘tkazish;
- chorvachilik tarmoqlari bo‘yicha hayvonlarni identifikatsiya qilish.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi uchun yer ijarasining yangi tartibi joriy etilishi haqida yozgandi.