Avvalroq Spot Vazirlar Mahkamasi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida avariyalarning oldini olish va odamlar hayotiga xavf soluvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlagani haqida yozgandi. 1-sentabrgacha xavfsiz joylarga ko‘chirilishi kerak bo‘lgan yoqilg‘i quyish shoxobchalari ro‘yxatini tayyorlash topshirildi.
Qarorda sotilayotgan benzin va suyultirilgan gazni onlayn hisobga olishni tashkil etish nazarda tutilgan. Shuningdek, yoqilg‘i quyish uskunalariga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning malakasini nazorat qilishni kuchaytirish vazifasi qo‘yilmoqda.
1-avgustdan boshlab birja savdolarining alohida seksiyalarida faqat litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar suyultirilgan gazni sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Buning uchun birjaning onlayn tizimi “Litsenziya” platformasi bilan integratsiya qilinishi kerak.
Shu sanagacha O‘zenergoinspeksiya, Raqamli rivojlanish vazirligi va Uzinfocomning yoqilg‘i quyish shoxobchalarini monitoring qilish uchun onlayn tizim yaratish bo‘yicha takliflari kutilmoqda. U benzin va gaz sotilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida uzatishni ta’minlashi kerak.
Bundan tashqari, 1-dekabrgacha yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ishlab chiqarilayotgan, import qilinayotgan va sotilayotgan neft mahsulotlari va gazning onlayn monitoringini joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilmoqda.
1-sentabrgacha ish grafigini hisobga olgan holda muhandis-texnik xodimlarning eng kam shtatini tasdiqlash rejalashtirilgan. U ham yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (AGTKSH), ham gaz ballonlarini to‘ldirish punktlarini qamrab oladi.
2027-yildan boshlab tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan mutaxassislar bilan ishlaydigan yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish obyektlari faoliyati qoidabuzarliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatiladi.
Shu yil 1-sentabrgacha yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish obyektlarining maxsus kurslardan o‘tgan va xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlash uchun ruxsat beruvchi sertifikatlarga ega bo‘lgan muhandis-texnik xodimlari faoliyatini monitoring qilish tizimi yaratilishi kerak.
Avvalroq Spot Toshkentdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalariga maishiy gaz ballonlarida ovqat tayyorlash taqiqlangani haqida yozgandi.