Toshkent shahrida 22-iyundan 15-sentyabrgacha “yong‘inga qarshi maxsus rejim” joriy etiladi. Bu bo‘yicha hokim Shavkat Umurzoqovning qarori E-qaror portalida e‘lon qilindi.

Poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi O‘zenergoinspeksiya, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi va Hududgaz Poytaxt bilan birgalikda yong‘inlarning oldini olish choralarini ko‘rishi lozim. Gaz quvurlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida umumiy ovqatlanish korxonalari ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Shuningdek, bozorlar, savdo majmualari va boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlarida ovqat tayyorlash uchun maishiy gaz ballonlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Barcha turdagi yonilg‘i quyish shoxobchalari (AYOQSH, AGTKSH, AGQSH) faoliyatini tekshirishni tashkil etish topshirildi. Kunning issiq vaqtida (soat 11:00 dan 17:00 gacha) yirik sig‘imli transport vositalariga yonilg‘i quyishga hamda yerusti va yerosti yonilg‘i saqlash omborlariga yonilg‘i yuklashga qat‘iy cheklovlar joriy etiladi.

Yengil avtomobillarga avtotsisternalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suyultirilgan gaz quyish taqiqlanadi. Ushbu qoida buzilgan taqdirda, yonilg‘i quyish shoxobchasiga nisbatan uning faoliyatini to‘xtatib qo‘yishgacha bo‘lgan huquqiy ta‘sir choralari ko‘riladi.

Poytaxt IIBB FVB, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi va tuman hokimliklari bilan hamkorlikda favqulodda xizmatlar transporti harakatlanishiga to‘sqinlik qiluvchi shlagbaumlar va boshqa to‘siqlarni aniqlaydi.

Shuningdek, aholi turar joylarida yong‘in xavfsizligi profilaktikasini kuchaytirish, jumladan, tekshiruvlar o‘tkazish, ogohlantirish, tavsiyalar berish va xavfsizlik qoidalarini tushuntirish vazifasi qo‘yildi. Konditsioner va boshqa maishiy elektr anjomlaridan foydalanish xavfsizligiga alohida e‘tibor qaratilishi lozim.

Aholi xonadonlaridagi elektr va gaz tarmoqlari, suv isitish qozonlari, ventilyatsiya tizimlari va mo‘rilar to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish uchun ushbu jarayonga pechka va mo‘rilarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mutaxassislari jalb etiladi.

Spot, avvalroq, Energetika vaziriga o‘rinbosarlar tayinlangani haqida yozgandi.