Umid Mamadaminov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
U tayinlovga qadar vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Umid Mamadaminov 1983-yil 24-yanvarda Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. U 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetini (bakalavr), 2015-yilda AQShning Oregon texnologiya institutini tamomlagan.
Shuningdek, Umarjon Egamberdiyev energetika vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi.
U bugungacha prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili bo‘linmasining yetakchi inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Ushbu tayinlovlar prezident qaroriga asosan amalga oshirildi.
Energetika tizimida o‘zgarishlar
2025-yilning dekabrida Alisher Sultonov prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etilgandi.
Shuningdek, O‘zbekgidroenergo kompaniyasini boshqarib kelgan Abdug‘ani Sanginov O‘zbekneftgaz'ni qariyb 4 yil davomida boshqargan Bahodirjon Sidiqov o‘rniga boshqaruvi raisi etib tayinlangandi.
Undan keyin Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sanginov jamoaga tanishtirildi. U “qisqa muddatlarda O‘zbekneftgaz'ni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilish, jamoa bilan birgalikda gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishi"ni bildirdi.
Prezident topshirig‘i bilan sohadagi boshqaruvni yana-da kuchaytirish maqsadida iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilinib, amaldagi vazir o‘rinbosari Xurshed Mustafayev mas‘ul bo‘ldi.
Keyinroq Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li Islom Abdurahmonov O‘zbekgidroenergo raisi v.v.b. etib tayinlangandi.
Joriy yilning may oyida Behzod Normatov davlat rahbarining yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan edi.
Avvlaroq sobiq prokuror Sadriddin Turdiyev Kadastr agentligi direktori vazifasini bajaruvchi bo‘lgandi.