Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi 1-avgustdan boshlab Izmir-Toshkent-Izmir yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Parvozlar haftasiga to‘rt marta 189 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737−800 rusumidagi samolyotlarda bajariladi.
Taʼkidlanishicha, SunExpress O‘zbekiston aviatsiya bozoriga ilk bor kirib kelmoqda hamda mamlakatga muntazam reyslarni amalga oshiruvchi uchinchi Turkiya aviakompaniyasiga aylanadi.
Bundan tashqari, aviakompaniya kelgusi yil boshidan Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarga ham muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar Turkish Airlines hamda AJet aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.
2023-yilning sentabrida Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishga ruxsatnoma olgandi.
Spot, avvalroq, Etihad Airways 10-avgustdan Abu-Dabi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.
SunExpress — Turkiyaning yetakchi loukoster aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, 1989-yilda Turkish Airlines va Lufthansa kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan.
Aviakompaniya Antaliya va Izmir shaharlarida bazalashgan bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyoning 37 ta mamlakatidagi 250 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiradi.