“O‘zaviatsiya” agentligi Turkiyaning “SunExpress” aviakompaniyasiga O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, hujjat Turkiya aviakompaniyasiga mamlakatlar o‘rtasidagi havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim asosida taqdim etilgan.

Muntazam aviaqatnovlar Izmir-Samarqand-Izmir yo‘nalishida, Boeing-737 rusumli havo kemalarida amalga oshiriladi.

SunExpress” Turkiyaning Antaliya shahrida joylashgan aviakompaniya. U 1989-yilning oktabr oyida “Turkish Airlines” va “Lufthansa” o‘rtasida qo‘shma korxona sifatida tashkil etilgan.

Aviakompaniya Yevropa va Turkiya bo‘ylab muntazam va charter yo‘lovchi aviatashuvlarini amalga oshiradi.

Avvalroq “O‘zaviatsiya” agentligi Rossiyaning “Pobeda” aviakompaniyasiga O‘zbekistonga yangi reyslarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma bergandi.

SHuningdek, Rossiyaning “UVT Aero” aviakompaniyasi Tatariston poytaxti Qozondan Samarqandga muntazam aviaqatnovlarni qachon boshlashi ma’lum bo‘ldi.