Shavkat Mirziyoyev qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda Bekobod metallurgiya kombinati metall prokatning 40% ini ikkilamchi metaldan, 60% ini import hisobidan ishlab chiqarmoqda.

Respublika bo‘yicha har yili 700 ming tonna qora metallolom kombinatga topshirilayotgan bo‘lsa-da, yana 500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolmoqda.

Shu bois, qora metall aylanmasi bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida monitoring qilinadi.

Qora metallurgiya sanoatida sog‘lom raqobat muhiti va narx barqarorligini ta‘minlash, sohada ta‘sirchan nazorat mexanizmlarini o‘rnatish uchun Hukumatda alohida loyiha ofisi tashkil etiladi.

Ushbu ofis metall mahsulotlari bozorini kunlik tahlil qiladi, xomashyo va tayyor mahsulotga talab va taklifni shakllantiradi, mahsulot sifati, kelib chiqishi, fizik va kimyoviy tarkibi aks etadigan raqamli pasportni yuritadi.

Mutasaddilarga bir oyda loyiha ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 1-avgustdan E-lom elektron platformasini ishga tushirib, qora metall aylanmasini nazoratga olish topshirildi.

Mamlakatda 1,5 mlrd tonna temir ruda zaxirasi mavjudligi aytildi. Surun-ota konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan.

Ushbu kondan temir konsentrati 2027-yildan boshlab kombinatga yetkazib berilishi shartligi belgilandi.

Bundan tashqari, Tebinbuloq konini uch-to‘rt yilda ishga tushirish orqali yiliga 1 mln tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini sotib olish bo‘yicha memorandum imzolangani qayd etilib, tez fursatda shartnomani rasmiylashtirish va kelgusi yildan xomashyo olib kelishni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Metallurgiya sohasidagi yirik xususiy korxonalar ham geologiya-qidiruv ishlari, konlardan xomashyo qazib olish va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani ta‘kidlandi.

Samarqanddagi korxona temir koni berilsa, xomashyo qazib olishga $500 mlngacha sarmoya kiritish tashabbusini bildirgan. Bekobod metallurgiya kombinati esa xomashyo bazasini kengaytirish uchun Forishdagi 32 mln tonna temir resursiga ega Temirkonni o‘zlashtirishni so‘ragan.

Prezident buning uchun sharoit yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Spot, avvalroq, O‘zmetkombinatning yangi Quyuv-prokatlash majmuasi $839 mln evaziga barpo etilgani haqida yozgandi.