Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston metallurgiya kombinati Quyuv-prokatlash majmuasining yagona boshqaruv pulti orqali metalni prokatlash jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Keyingi yillarda kombinatni modernizatsiya qilish va uning ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada kombinatning sof foydasi 2017-yildagi $14 mlndan 2025-yilga kelib, $23 mlnga yetgan.

Davlat rahbari 2018-yil 29-avgust kuni Bekobodga tashrifi chog‘ida Quyuv-prokatlash majmuasi qurilishi loyihasiga tamal toshini qo‘ygan edi.

Loyihaning umumiy qiymati $839 mlnni tashkil etadi. 18 gektar maydonda barpo etilgan mazkur strategik ahamiyatga ega majmua mamlakatda metall mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

Bu yerda mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2 mln tonnaga yetkazish, qo‘shimcha ravishda 1,04 mln tonna o‘ramli po‘lat list prokati ishlab chiqarish va kombinatdagi jami ish o‘rinlarini 7 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Majmuada Italiyaning Danieli kompaniyasi tajribasi asosida ilk bor uzluksiz po‘lat quyish uskunasi boshqa barcha texnologik jihozlar bilan integratsiya qilinib, yagona boshqaruv pulti orqali boshqarilmoqda.

Avvalgi texnologiyalarda 4−5 ta boshqaruv pultidan foydalanilgan va ularda 9 nafar xodim mehnat qilgan bo‘lsa, bugungi kunda yagona boshqaruv tizimi orqali jarayonni atigi 3 nafar mutaxassis nazorat qilyapti.

Prezident yagona boshqaruv tizimiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etib, majmuaning barqarorligi va iqtisodiy samaradorligini yana-da oshirish zarurligini taʼkidladi.

Uskunalarning xavfsizligi va tezkorligi bo‘yicha mazkur majmua Markaziy Osiyoda o‘ziga xos va muqobili yo‘q loyiha hisoblanadi. Xususan, ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatmagan holda inson omili ishtirokisiz asosiy vallarni avvalgi 30−40 daqiqa o‘rniga atigi 5−7 daqiqada avtomatik ravishda almashtirish imkoniyati yaratilgan.

Prezident list prokatidan tayyorlangan mahsulotlarning namunalarini ham ko‘zdan kechirdi.

Mutasaddilarining axborotlari ham tinglandi. Xususan, issiq prokatlangan list mahsulotlari qo‘shilgan qiymat zanjiri, respublikada ishlab chiqarishni o‘zlashtirish tavsiya etiladigan mahsulotlar xususida axborot berildi.

Qurilishda armatura mahsulotining muomalasini tartibga solish, qurilish obyektlarida qora metall prokatining qo‘llanilishi ustidan nazorat va seysmik xavfni kamaytirish bo‘yicha amaliy ishlar tushuntirildi.

Spot, avvalroq, O‘zmetkombinatda yiliga 1 mln tonna po‘lat ishlab chiqaradigan majmua ishga tushirilgani haqida yozgandi.