Prezidentning soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha farmoni qabul qilindi.
2030-yilgacha Jahon bankining Business ready reytingida soliq yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajaga chiqish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilandi.
2026-yil 1-iyuldan tekshiruvdan oldingi tahlil doirasida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.
Soliq xavfi o‘rta bo‘lgan soliq to‘lovchilarga aniqlangan xavflar to‘g‘risida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Bunda aniqlangan kamchiliklar 1 oy ichida bartaraf etilgan taqdirda, soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi.
Yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga ularning ixtiyoriga ko‘ra dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati Soliq-servis tomonidan bepul amalga oshiriladi.
2026-yil 1-avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bu orqali soliq to‘lovchilar soliq xizmatlaridan foydalanish imkoniyati va qulayligi, shuningdek, soliq organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini baholashi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hamkorligi darajasini aniqlash imkoniyati yaratiladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonning 35 ta shahar va tumanida soliq inspeksiyalari rahbarlari almashgani haqida yozgandi.