Navoiyda Xalqaro avtomobilsozlik maktabi tashkil etilishi mumkin. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Migratsiya agentligining hududiy filiali hamda Kasbiy ta‘lim boshqarmasi vakillari Rossiyaning KAMAZ kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Uchrashuvda fuqarolarni KAMAZ korxonalariga xavfsiz, tartibli va tashkiliy ravishda ishga yuborish bo‘yicha hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi.

Shuningdek, texnikumlar bilan hamkorlikda dual ta‘limni yo‘lga qo‘yish, yoshlarni nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar asosida tayyorlash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar Xatirchi tumanida Xalqaro avtomobilsozlik maktabini tashkil etish masalasini ham muhokama qildi. Unda zamonaviy talablar asosida 259 soatlik dastur bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitish hamda Rossiyada tan olinadigan guvohnoma berish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, maktabda KAMAZ ehtiyojlariga mos malakali mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish, ish beruvchi ehtiyojlariga mos malakali kadrlar tayyorlash hamda aholi bandligini ta‘minlashga qaratilgan amaliy choralarni belgilab oldi.

Spot, avvalroq, Jahongir Ortiqxo‘jayev xorijdagi 10 ming o‘zbekistonlikni qaytarish va ishga joylashtirishni taklif qilgani haqida yozgandi.