Toshkent shahridagi turar joylarni ommaviy baholash natijalari yuzasidan jamoatchilik muhokamasi yana 30 kunga uzaytirildi. Bu haqda Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi direktori o‘rinbosari Feruz Sultonov brifingda ma’lum qildi.
Ommaviy baholash natijalari 5-sentabrdan boshlab 60 kun muddatga jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Endilikda mulkdorlar o‘z uylarining baholangan qiymati bo‘yicha fikr va e’tirozlarini 4-dekabrgacha bildirishi mumkin.
Dastlab 721 632 nafar mulkdorga Yagona portal orqali xabarnoma yuborildi. Shundan 380 525 nafari xabarnoma bilan tanishgan, 341 107 nafari esa hali uni ko‘rib chiqmagan. Keyinchalik yana 584 343 nafar fuqaroga SMS-xabarnoma yuborilgan.
Bugungi kunga qadar 11 035 nafar mulkdor baholash natijalari yuzasidan o‘z munosabatini bildirgan. Ularning 5 535 nafari (50%) natijalarga roziligini bildirgan, 5 500 nafari esa e’tiroz va takliflarini yuborgan.
E’tirozlarning 1 753 tasi uy qiymati bozor narxidan kam baholanganiga, 3 210 tasi esa aksincha, yuqori baholanganiga taalluqli. Yana 273 nafar fuqaro kadastr ma’lumotlarida xatoliklar borligini bildirgan, 264 nafari qo‘shimcha fikr va takliflarini taqdim etgan.
Mulkdorlar o‘z uylarining baholangan qiymati bilan my.gov.uz yoki davreestr.uz portallari orqali tanishishi va natijalar yuzasidan fikr bildirishi mumkin. Feruz Sultonov muhokamada ishtirok etish majburiy emasligi va baholash natijalarining o‘zi hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligini ta’kidladi.
Biroq mulkdor o‘z munosabatini bildirmasa, uning uyiga tegishli baholash natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va o‘zgarishsiz qoladi.
Shuningdek, uylarning bozor narxiga yaqin baholangan qiymati kadastr qiymatiga nisbatan qanchaga oshgan bo‘lsa, soliqlar ham aynan shuncha oshib ketadi, degan xavotirga o‘rin yo‘qligi qayd etildi.
Toshkentdagi ommaviy baholash
Toshkent shahrida ommaviy baholash doirasida 600 mingdan ortiq xonadon va 213 mingta xususiy hovli o‘rganildi. Dastlabki natijalar amaldagi kadastr qiymati bilan yangi tizim asosida hisoblangan qiymat o‘rtasida jiddiy tafovut borligini ko‘rsatdi.
600 mingdan ortiq xonadonning joriy kadastr qiymati 57,7 trln so‘mni tashkil etsa, ommaviy baholash natijalariga ko‘ra bu ko‘rsatkich 426,7 trln so‘m — deyarli 7,4 baravar ko‘p deb belgilandi.
213 mingdan ortiq xususiy hovli uchun amaldagi kadastr qiymati 39 trln so‘mni, ommaviy baholashdan so‘ng esa 587 trln so‘mni yoki deyarli 15 baravar ko‘proqni tashkil etadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu tafovutni, jumladan, amaldagi kadastr qiymati yer uchastkasining qiymatini to‘liq aks ettirmasligi bilan izohladi. Ommaviy baholashda xususiy hovli yer uchastkasi va unda joylashgan bino-inshootlarni o‘z ichiga olgan yagona ko‘chmas mulk obyekti sifatida qaraladi.
Hisob-kitoblarda obyektning joylashuvi, yer maydoni va binolarning maydoni, qurilgan yili, qavatliligi, qurilish materiallari, transport va ijtimoiy infratuzilma inobatga olinadi. Shuningdek, bozor takliflari, rieltorlar ma‘lumotlari va notarial tasdiqlangan bitimlar tahlil qilinadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ommaviy baholashdan keyin ko‘chmas mulk qiymati oshgani bilan soliqlar ham shuncha ko‘payib ketmasligi uchun soliq stavkalarini bir necha baravar pasaytirishni rejalashtirmoqda. Vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning aytishicha, yangi stavkalar ommaviy baholash natijalari va tegishli qonun qabul qilinganidan keyin belgilanadi. Hozircha qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasida ekspertizadan o‘tkazilmoqda, shu vaqtgacha amaldagi soliq stavkalari saqlanib qoladi.
Avvalroq Spot Toshkentda bir sotix yerning o‘rtacha narxi 292 mln so‘mgacha pasaygani haqida yozgan edi.