O‘zbekiston davlat budjeti yilning birinchi yarmini kichik profitsit bilan yakunladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

2026-yil yanvar-iyun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat budjeti daromadlari 207,4 trln so‘mni, xarajatlari esa 205,6 trln so‘mni tashkil etdi. Natijada yilning birinchi yarmi 1,8 trln so‘mdan ortiq (taxminan $150 mln) profitsit bilan yakunlandi.

Biroq oylar kesimidagi holat bir xil bo‘lmadi. Yanvar va fevral oylarida budjet mos ravishda 1,5 trln so‘m va 986,2 mlrd so‘m taqchillik bilan yakunlangan. Mart oyida esa vaziyat keskin o‘zgardi — daromadlar xarajatlardan 10,2 trln so‘mga oshib ketdi.

Bu yil boshidan buyon qayd etilgan eng yuqori profitsit bo‘lib, bu, ehtimol, an’anaviy choraklik to‘lovlar tushumi bilan bog‘liq.

Aprel yana taqchillik bilan (707,8 mlrd so‘m) yakunlangan bo‘lsa, may birinchi yarim yillikdagi eng yomon oy bo‘ldi. Bu davrda daromadlar 26,75 trln so‘mgacha kamayib, xarajatlar 34,7 trln so‘m darajasida saqlanib qolgan va natijada 7,95 trln so‘m taqchillik yuzaga kelgan.

Iyun esa yana ijobiy natija bilan yakunlandi. Bu oyda daromadlar 42 trln so‘m, xarajatlar 39,2 trln so‘mni tashkil etib, 2,75 trln so‘m profitsit qayd etildi.

Shunday qilib, birinchi yarim yillik yakunidagi ijobiy natija asosan mart va iyun oylaridagi profitsit hisobiga ta’minlandi, bu esa qolgan to‘rt oydagi defitsitni qopladi.

2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, yil yakuni uchun davlat budjeti daromadlari 368,9 trln so‘m, xarajatlari esa 328,7 trln so‘m etib prognoz qilingan.

Birinchi chorakda soliq tushumlari 63,6 trln so‘mni tashkil etdi, bu 2025-yilning shu davriga nisbatan deyarli chorak foizga ko‘pdir. O‘sishning asosiy omili foyda solig‘i bo‘lib, u budjetga 20,4 trln so‘m (+43%) daromad keltirdi.

Yana 12,5 trln so‘m QQS tushumlari (+27%) va 10,7 trln so‘m JSHODS (+15%) hissasiga to‘g‘ri keldi. Suvdan foydalanish solig‘i rekord darajadagi o‘sishni ko‘rsatdi — 80% dan ortiq. Yer solig‘i uchdan bir qismga oshib, 2,8 trln so‘mni tashkil etdi.

O‘sha vaqtda Soliq qo‘mitasi Spot’ga statistika oltin va boshqa foydali qazilmalar narxining oshishi bilan bog‘liq daromadlarni hisobga olmaganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi bozorlar faoliyatini tashkil etish uchun “E-bozor"ni ishga tushirishi haqida yozgan edi.