E’tibor qarating: ma’lumotlar faqat nashr etilgan vaqtdagina amal qiladi va ma’lumot olish uchun taqdim etilgan. Spot aniq ma’lumot olish uchun bankka murojaat qilishni tavsiya qiladi.


O‘zbekistonda 14 ta bank ta’lim kreditlarini ajratmoqda. Ularning aksariyati kreditlarni davlat dasturi doirasida, yillik 14% stavkada taqdim etadi. Faqat beshta bank bunday kreditlarni o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiradi.

Kreditdan O‘zbekiston fuqarolari hamda mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari foydalanishi mumkin. Uni bakalavriat yoki magistraturada kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim uchun rasmiylashtirish mumkin. Ayrim banklar superkontrakt to‘lovini ham kredit hisobidan qoplash imkonini beradi.

Ta’lim O‘zbekistonda litsenziyaga ega bo‘lgan davlat, xususiy yoki xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallarida olinishi mumkin. Bank kontrakt qiymatining 80%idan 100%igacha bo‘lgan qismini qoplaydi.

Kredit faqat o‘qish uchun to‘lovni amalga oshirishga mo‘ljallangan. Shu sababli mablag‘ni naqd pul shaklida yoki shaxsiy bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin emas. Bank pulni to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy ta’lim muassasasi hisob raqamiga o‘tkazadi.

Kredit olish uchun oliy ta’lim muassasasi bilan tuzilgan amaldagi kontrakt va kredit ta’minoti — kafillik, mol-mulk garovi yoki sug‘urta talab etiladi. Ayrim qarz oluvchilar uchun istisnolar mavjud. Masalan, Yagona ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalardagi ayollardan kafillik yoki garov talab qilinmaydi.

Bankka murojaat qilishdan oldin quyidagi hujjatlar kerak bo‘ladi:

  • kredit olish uchun ariza;
  • pasport yoki ID-karta;
  • ta’lim muassasasi bilan tuzilgan shartnoma (kontrakt);
  • kredit ta’minotini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • agar kafil ishtirok etsa, uning hujjatlari.

Kreditni qanday rasmiylashtirish mumkin?

Arizani bankka shaxsan murojaat qilgan holda yoki onlayn tarzda topshirish mumkin. Bankka murojaat qilinganda, zarur hujjatlar taqdim etiladi. Bank ularni tekshirgach, kredit ajratish yoki ajratmaslik bo‘yicha qaror qabul qiladi. Ariza ma’qullangan taqdirda, tomonlar kredit shartnomasini tuzadi.

Onlayn arizani Ta’lim krediti tizimi yoki Yagona portal orqali topshirish mumkin. Bunday holatda jarayonning asosiy qismini masofadan turib amalga oshirish mumkin, biroq zarurat tug‘ilganda rasmiylashtirishni bankda yakunlash talab etiladi.

Bank arizani ma’qullaganidan so‘ng, kredit mablag‘larini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’lim muassasasining hisob raqamiga o‘tkazadi. Talaba boshqa oliy ta’lim muassasasiga o‘tsa yoki o‘qish qiymati o‘zgarsa, kredit summasi qayta hisoblanishi mumkin. Buning uchun bank va ta’lim muassasasiga murojaat qilib, o‘zgarishni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish kerak.

Davlat dasturi bo‘yicha kredit

Davlat dasturi 2021-yildan beri amal qiladi. U Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditlarini moliyalashtirish jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Ayollar uchun qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chorasi mavjud: kredit bo‘yicha foizlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Shu sababli dastur shartlariga rioya qilgan qarz oluvchi kreditning faqat asosiy summasini, foiz to‘lamagan holda qaytaradi.

Dasturning asosiy afzalligi — yillik 14%lik qat’iy stavka. Bunda o‘qish davrida asosiy qarzni to‘lash talab etilmaydi. Talaba bu davrda kredit bo‘yicha faqat foizlarni to‘laydi. Oliy ta’limni tugatgandan so‘ng bitiruvchiga ish topishi uchun imtiyozli davr beriladi. Asosiy qarzni to‘lash o‘qishni tamomlagandan olti oy o‘tib boshlanadi.

Kredit miqdori talabaning kursi va ta’lim qiymatiga bog‘liq:

  • 1-kurs — kontrakt qiymatining 100%igacha;
  • 2-kurs va undan yuqori — o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (GPA) 3,0 dan past bo‘lsa, 80%igacha. Qolgan 20%ni talabaning o‘zi to‘laydi;
  • 100%igacha — GPA 3,0 va undan yuqori bo‘lgan talabalar, shuningdek, Yagona ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalar a’zolari uchun.

Imtiyozli kreditlar faqat O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga ajratiladi. Ayrim banklar xorijda o‘qish uchun ham kredit taklif qiladi. Masalan, Hamkorbank QS yoki Times Higher Education reytinglarining TOP-300 taligiga kiruvchi xorijiy universitetlarda bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha ta’lim olishni moliyalashtiradi.

Bank

To‘lov muddati

O‘zmilliybank

13,5 yilgacha

Agrobank

o‘qish muddati + 7 yil

O‘zsanoatqurilishbank

o‘qish muddati + 7 yil

Asakabank

o‘qish muddati + 7,5 yil

Xalq Banki

o‘qish muddati + 7 yil

Mikrokreditbank

15 yilgacha

Turonbank

o‘qish muddati + 7,5 yil

Hamkorbank

7 yilgacha

Orient Finans Bank

o‘qish muddati + 90 oy

Biznesni rivojlantirish banki

o‘qish muddati + 6 oy + 7 yil

Aloqabank

13,5 yilgacha

Oddiy kredit

Beshta bank ta’lim kreditlarini o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiradi. Davlat dasturi doirasidagi kreditlardan farqli ravishda, bunday kreditlarni nafaqat kunduzgi, balki kechki va masofaviy ta’lim uchun ham rasmiylashtirish mumkin.

Bunday kreditlarning foiz stavkasi yuqoriroq bo‘lib, yillik 22% dan 28% gachani tashkil etadi.

Imtiyozli kreditlardan yana bir farqi shundaki, asosiy qarzni to‘lash kredit rasmiylashtirilgan zahoti boshlanadi. Qarz oluvchi har oy kredit bo‘yicha foizlar va asosiy qarzning bir qismini to‘lab boradi.

Bank

Fozi stavkasi

Miqdori

Muddati

O‘zmilliybank

24%

150 mln so‘mgacha

5 yilgacha

22%

3 yilgacha

Ipak yuli bank

24,9% dan

50 mln so‘mgacha

3 yilgacha

InfinBank

26,99%

shartnomaning 100%igacha

3 yilgacha

Biznesni rivojlantirish banki

27%

100 mln so‘mgacha

2 yilgacha

28%

4 yilgacha

Aloqabank

25% dan

100 mln so‘mgacha

5 yilgacha