Prezidentning “Mamlakatda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishning navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-fevralgacha salohiyatli kichik va mikro GES loyihalarini aniqlash, amalga oshirish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish uchun raqamli platforma ishlab chiqiladi.
Shuningdek, kichik va mikro GESlarni loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishda atrof-muhitga oid hamda ijtimoiy talablarni majburiy hisobga olish belgilanmoqda.
Quvvati 5 MVtgacha bo‘lgan kichik va mikro GESlarni qurish bo‘yicha loyiha tashabbuskorlarini aniqlash uchun Energetika vazirligi buyurtmasi asosida E-auksion‘da elektron auksionlar o‘tkaziladi.
Ularda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish tarifini pasaytirib borish mexanizmi qo‘llanilib, boshlang‘ich narx bilan birga eng quyi narx ham belgilanadi.
Narxlar II guruh iste‘molchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan quyidagicha o‘rnatiladi:
- quvvati 500 kVtgacha bo‘lgan mikro GESlar uchun — boshlang‘ich narx 150%, eng quyi narx 50%;
- quvvati 500 kVtdan 2 MVtgacha bo‘lgan kichik GESlar uchun — mos ravishda 120% va 40%;
- quvvati 2 MVtdan 5 MVtgacha bo‘lgan kichik GESlar uchun — 100% va 30%.
Bundan tashqari, 2026/2027-o‘quv yilidan oliy ta‘lim tashkilotlarida kichik quvvatli yashil energetika, jumladan, kichik gidroenergetika yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash dual ta‘lim tizimi asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Spot, avvalroq, quvvati 50 kilovattgacha bo‘lgan mikro GESlar qurilish ekspertizasidan ozod etilishi haqida yozgandi.