2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning davlat qarzi $48 mlrddan oshdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotida keltirilgan.
1-iyul holatiga ko‘ra, davlat qarzi $48,31 mlrdni tashkil etgan bo‘lib, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan $4,82 mlrdga (+11%) ko‘p. Ko‘rsatkich yil boshidan buyon $1,46 mlrdga (+0,3%) oshgan. Uning yalpi ichki mahsulotga (YIM) nisbatan ulushi yanvardagi 31,9% dan 27% gacha qisqargan bo‘lsa, biroq birinchi chorakdagi 26,3% ga nisbatan ko‘paygan.
Davlat qarzining asosiy qismi (84%) tashqi qarzga to‘g‘ri keladi — $40,71 mlrd (+11,4%). Uning YIMga nisbati esa 22,8% gacha pasaygan. Bu davrda ichki qarz 9,2% yoki $642 mlnga o‘sib, $7,6 mlrdni tashkil etdi. (YIMga nisbatan ulushi — 4,2%)
Davlat tashqi qarzining 50%i — $20,53 mlrdi budjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, $5,47 mlrdi (13%) yoqilg‘i-energetika, $3,72 mlrd (9%) — sog‘liqni saqlash, ta’lim va IT, $3,37 mlrd (8%) — uy-joy kommunal xo‘jaligi, $3,34 mlrd (8%) — qishloq va suv hamda $3,06 mlrdi (8%) transport va transport infratuzilmasiga ajratilgan.
Tashqi qarz tarkibida kreditorlar qatorida xalqaro moliya institutlari $22,48 mlrd yoki jamiga nisbatan 55% bilan yetakchilik qildi:
- Jahon banki — $9,12 mlrd (tashqi qarzning 22%i);
- Osiyo taraqqiyot banki — $8,17 mlrd (20%);
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $2,32 mlrd (6%);
- Islom taraqqiyot banki — $1,2 mlrd (3%);
- Xalqaro valyuta jamg‘armasi — $608 mln (1%);
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $478 mln (1%);
- boshqa XMIlar — $580 mln (1%).
Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari suveren majburiyatlarning 28% — $11,45 mlrdni tashkil etadi:
- Xitoy (Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbank va boshqalar) — $3,88 mlrd (10%);
- Yaponiya (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalar) — $3,09 mlrd (8%);
- Fransiya (Fransiya taraqqiyot agentligi va b.) — $1,3 mlrd (3%);
- Janubiy Koreya (Eksimbank, Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi va b.) — $693 mln (2%);
- Germaniya (Germaniya davlat banki) — $725 mln (2%).
Yanvar-iyun oylarida davlat tashqi qarzining 17%i investorlar hissasiga to‘g‘ri keldi — $6,77 mlrd.
Shuningdek, tashqi qarzning 57%i ($27,44 mlrd) AQSH dollarida jalb qilingan. Yana 8%i yoki 3,89 mlrdi yevroda hamda 6%i yoki $2,75 mlrdi Yapon iyenasida olingan. Ichki qarzning 10%i ($5 mlrd) so‘mda jalb qilingan bo‘lsa, 5%i ($2,38 mlrd) Amerika valyutasida olingan.
Avvalroq Spot AQSH davlat qarzi tarixda ilk bor $40 trlndan oshgani haqida yozgan edi.