O‘zbekistonda yangi tayinlangan pensiyalarning asosiy qismi to‘liq ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qonunchilikka ko‘ra, to‘liq pensiya tayinlanishi uchun erkaklarga 25 yil, ayollarga esa 20 yil ish staji talab etiladi. Belgilangan minimal stajga yetmagan fuqarolarga esa mavjud ish stajiga mutanosib ravishda to‘liq bo‘lmagan staj bilan pensiya tayinlanadi.

Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2010-yilda yangi tayinlangan pensiyalar orasida to‘liq ish stajiga ega bo‘lmaganlar ulushi 6% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 61% ga yetgan. Ya’ni, hozirda har 3 nafar yangi pensionerning 2 nafari to‘liq ish stajisiz pensiyaga chiqmoqda.

Shuningdek, umumiy pensionerlar tarkibida to‘liq ish stajiga ega bo‘lmaganlar ulushi 2010-yildagi 3% dan 2025-yilda 39% gacha oshgan. Pensionerlarning 47%i 820 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha pensiya olmoqda.

Jamg‘arma bunga norasmiy ishlash, ish haqini “konvertda” olish, ijtimoiy soliq to‘lamaslik, mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarning arxivga topshirilmasligi hamda ayrim davrlarda fuqarolarning rasmiy ish bilan qamrab olinmagani sabab bo‘layotganini qayd etdi.

Pensiya miqdori rasmiy ish staji, ish haqi va to‘langan ijtimoiy soliqqa bog‘liq. Pensiya jamg‘armasi norasmiy bandlik kelgusida pensiya miqdoriga ham ta’sir qilishini eslatdi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston va Ozarbayjon fuqarolariga pensiya tayinlashda ish staji o‘zaro hisobga olinishi haqida yozgan edi.