Hukumat O‘zbekistonda gaz sizib chiqishini bartaraf etish mexanizmini yaratish bo‘yicha loyiha parametrlarini tasdiqladi. Hujjat Lex.uz portalida e‘lon qilindi.
Loyiha Jahon banki ko‘magida va tashkilot tomonidan ajratilgan grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Bu joriy yil uchun tasdiqlangan O‘zbekiston-2030 strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida nazarda tutilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, butun mamlakat bo‘ylab O‘ztransgaz infratuzilmasi tahlili 1 mingdan ortiq muammoli nuqtani aniqlagan. Har yili bu joylarda 35 mln kubometrga yaqin gaz sizib chiqmoqda.
Sizib chiqishlarni bartaraf etish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon banki bilan $10,6 mln miqdorida grant ajratish to‘g‘risida bitim, shuningdek, O‘ztransgaz bilan mablag‘larni taqsimlash bo‘yicha subsidiar kelishuv imzoladi.
Tasdiqlangan maqsadli parametrlarga ko‘ra, mablag‘larning asosiy qismi — $9,6 mln — bevosita infratuzilmadagi gaz yo‘qotishlarini kamaytirish chora-tadbirlariga yo‘naltiriladi. Yana $500 ming gaz sizib chiqishini monitoring qilish bo‘yicha institutsional salohiyatni mustahkamlashga, xuddi shuncha mablag‘ esa loyihani amalga oshirish guruhini yaratish va xorijiy ekspertlarni jalb etishga sarflanadi.
Loyiha doirasidagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Abidxo‘jayev boshchiligida idoralararo ishchi guruh tuzilmoqda. Uning tarkibiga quyidagilar ham kiradi:
- Umid Mamadaminov — energetika vazirining birinchi o‘rinbosari (ishchi guruh rahbari o‘rinbosari);
- Asqar Isaqov — O‘ztransgaz boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi;
- Shohjahon Safarov — O‘ztransgaz raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi;
- Azizxon Nazarov — Iqtisodiyot va moliya vazirligining Yoqilg‘i-energetika kompleksi korxonalarida moliya va tarif siyosati departamenti direktori;
- Behruz Mirzayev — Energetika vazirligining Ekologik diplomatiya va “yashil” iqtisodiyot loyihalari bo‘limi boshlig‘i;
- Shohruh Ishmuhamedov — O‘ztransgaz Iqtisodiy tahlil departamenti rahbari;
- J. N. Olimov — O‘ztransgaz loyiha ofisi rahbari;
- lavozimi bo‘yicha — O‘ztransgaz loyihasini amalga oshirish guruhi rahbari.
Shuningdek, qarorda sizib chiqishlarni bartaraf etish natijasida tejalgan mablag‘larni qayta investitsiyalash tartibi belgilangan. Ularni gaz sizib chiqishiga qarshi kurashni davom ettirish, o‘lchash, monitoring qilish va verifikatsiyalash tizimlarini joriy etish, shuningdek, gaz tashish infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda xodimlar samaradorligini oshirishga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.
Spot, avvalroq, O‘zbekneftgaz qo‘shma korxonalar ustidan nazoratni kuchaytirishi haqida yozgandi.