Yirik xususiy logistika guruhi bo‘lgan Centrum Holding 2027-yil boshida IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Centrum Holding asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Centrum Air 2023-yilda aviakompaniya sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Hozirda Centrum Holdingning umumiy floti yuk tashuvchi (My Freighter) va yo‘lovchi tashuvchi (Centrum Air) samolyotlari o‘rtasida deyarli teng taqsimlangan qariyb 30 ta havo kemasidan iborat.

Centrum Holding 2026-yil oxirigacha flotni 40 ta samolyotga yetkazishni rejalashtirmoqda. Kelgusi yili ularning soni 65 taga, 2029-yil oxiriga borib esa 100 taga yetishi kerak. Shu bilan birga, Abdurahmonovning ta‘kidlashicha, kompaniya 50 dan ortiq samolyot uchun shartnomalarni imzolab bo‘lgan.

“Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatlar tufayli biz Markaziy Osiyodagi yetakchi yuk aviakompaniyasiga aylandik. Hozirda butun Markaziy Osiyoda biznikidek 10 va undan ortiq samolyotga ega yuk aviakompaniyasi yo‘q”, — deb ta‘kidladi xolding asoschisi.

Shuningdek, u kompaniyaning eksportni oshirish rejalarini ham ma‘lum qildi. Centrum Holding yerusti va havo logistikasidagi salohiyatni inobatga olgan holda, joriy yil yakuni bo‘yicha uning hajmini $1 mlrdga yetkazishni kutmoqda.

Kompaniyaning umumiy qiymati haqidagi savolga javoban Abdurahmonov Centrum Holding 2026-yilgi moliyaviy hisobotga asosan 2027-yilning birinchi choragida IPO o‘tkazishni rejalashtirayotganini aytdi. Ayni paytda, uning so‘zlariga ko‘ra, xoldingning joriy bahosi $2 mlrdni tashkil etadi.

Centrum Holding matbuot xizmati Spot‘ning so‘roviga javoban kompaniyaning vazifasi 2027-yilda IPOga tayyor bo‘lish ekanini bildirdi.

abdulaziz abdurahmonov, centrum air, centrum holding, ipo

IPO haqida nimalar ma‘lum?

Centrum Holding avvalroq yaqin bir-ikki yil ichida ommaviy bozorga chiqish rejalarini e‘lon qilgan edi. Kompaniya aksiyalarni joylashtirish uchun asosiy platforma sifatida London fond birjasini (LSE) ko‘rib chiqmoqda.

Fevral oyida Amerikaning Oppenheimer investitsiya kompaniyasi va Citibank Centrum Holding‘ning IPOsini kuzatib borish bo‘yicha kelishuv imzoladi. O‘shanda Oppenheimer vakillari kompaniyani taxminan $2 mlrdga baholab, aksiyalarning qariyb 30% ini sotish hisobiga taxminan $600 mln jalb qilishni kutayotganliklarini ma‘lum qilgan edi.

Iyul oyida Abdulaziz Abdurahmonov Bloomberg nashriga bergan intervyusida kompaniya IPOga, birinchi navbatda, biznes ko‘lamini kengaytirish uchun investorlarni jalb qilish imkoniyati sifatida qarayotganini aytgan edi.

Centrum Holding 2019-yilda yuk aviatashuvlari operatori sifatida tashkil etilgan. Hozirda guruh yuk va yo‘lovchi aviakompaniyalari, turizm biznesi, logistika markazlari, temiryo‘l parki, terminallar va port infratuzilmasini o‘zida birlashtiradi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, xoldingning daromadi $1 mlrdga yetgan, xodimlar soni esa 5 ming kishiga yaqinni tashkil etgan.

Spot, avvalroq, har yili daromadi 1 trln so‘mdan yuqori 50 ta kompaniya IPOga tayyorlanishi haqida yozgandi.