Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli avtomobil bozori buzilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Holat bo‘yicha tuman hokimligi matbuot xizmati izoh berdi.

Taʼkidlanishicha, bozor hududida rejali qurilish, taʼmirlash hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Hokimlik olib borilayotgan ishlarning bosh maqsadi bozor infratuzilmasini yangilash, xavfsizroq, zamonaviy va tartibli savdo muhitini yaratish ekanini bildirdi.

Hozirda bozor o‘z faoliyatini odatdagi tartibda davom ettirmoqda. Sergeli hokimligi bozorning buzilishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini qayd etdi.

Ishlar doirasida bozorning maʼmuriy binosiga kirish qismlari yangilanib, granit plitalar yotqizilmoqda. Bozor hududidagi 26,5 ming kvadrat metr maydonga allaqachon yangi asfalt qoplamasi yotqizildi. Shuningdek, yana 16,2 ming kvadrat metr maydonni asfalt qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ehtiyot qismlar sotiladigan savdo do‘konlarining tom qismlarini yangilash ishlari olib borilmoqda.

Do‘konlar tepasidagi tartibsiz joylashtirilgan reklama konstruksiyalari demontaj qilinmoqda, vitrinalar almashtirilmoqda, foydalanilgan ehtiyot qismlar savdosi amalga oshiriladigan konteynerlar esa zamonaviy va tartibli ko‘rinishga keltirilmoqda.

Tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish uchun zamonaviy texnologik yechimlar ham joriy etilayotgani aytildi.

Xususan, bozor hududiga avtotransport vositalarining kirishi uchun inson omilisiz, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi uskunalari o‘rnatilmoqda.

“Toshkent shahar hokimligi olib borilayotgan ushbu ishlar bozorning buzilishi bilan bog‘liq emasligini alohida taʼkidlaydi. Aksincha, ushbu saʼy-harakatlar hududni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun sharoitlarni yaxshilash va poytaxt aholisi uchun yana-da qulay muhit yaratishga qaratilgan”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Spot, avvalroq, Sergeli mashina bozorida 100 nafar olib-sotar aniqlandi, 30 kishiga jazo tayinlangani haqida yozgandi.