Toshkentning Sergeli tumanidagi avtomobil va ehtiyot qismlar bozorida olib-sotarlarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, xalq orasida olib-sotarlar yoki “saygaklar” deb ataladigan shaxslar bozorga kelgan fuqarolarga zarur mahsulot va xizmatlarni ikki-uch baravar qimmat taklif etadi.

Mutaxassislar bunday noqonuniy vositachilar faoliyati narx-navoning sun‘iy oshib ketishiga, xaridorning bozorga bo‘lgan ishonchi pasayishiga sabab bo‘lishini bildirgan.

“Misol uchun 100 ming so‘mlik narsani 1−2 mln so‘m o‘tkazgandan keyin u narsaga kim rozi bo‘lib beradi? Bunday odam ikkinchi Sergeli mashina bozoriga kelmayman deb ketadi”, — deydi sotuvchilardan biri.

Boshqa bir sotuvchi esa bozorda 10−15 ming so‘m turgan “klipsa"lar yoki “vtulka"larni olib-sotarlar 50−60 ming so‘m qilib sotishini aytdi.

“Shu bo‘yicha mijozlarimiz ancha norozilik bildirishgan. Ishonch qochib, hamma avto deteylingga o‘tib ketgan”, — deydi u.

Shu bois Toshkent shahar IIBB mazkur hududda tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazdi.

Natijada noqonuniy faoliyat olib borayotgan hamda o‘rtakashlik bilan shug‘ullangan bir qator shaxslar aniqlanib, tuman boshqarmasiga olib ketilgan.

Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, choralar ko‘rildi. Jami 100 nafar shaxs aniqlangan bo‘lsa, shundan 50 tasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi. Tuman sudi tomonidan 30 nafariga maʼmuriy qamoq hamda jarima jazosi tayinlandi.

“Mashina bozorida ‘saygak‘lik qilar edim, shu noqonuniy ishlar edik. Noqonuniyligini tushunib yetdik, tushuntirish ishlarini olib borishdi. Bu ishimizdan qattiq pushaymonman, bundan buyog‘iga qonuniy ishlashga so‘z beraman”, — deydi ayblanuvchilardan biri.

Ulardan yana biri noqonuniy ishlar qilganini taʼkidlab, kelgusida ishlayotgan fuqarolarga bu kabi ishlarni qilmaslikni, yaxshilikka olib kelmasligini aytdi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 2025-yil va 2026-yilning o‘tgan davrida shu kabi holatlar yuzasidan 10 ga yaqin jinoyat aniqlangan.

Joriy yil yanvar oyida arzon narxda avtomobil olib berishni vaʼda qilib, fuqarolar mablag‘larini o‘zlashtirgan ikki shaxsga nisbatan sud hukmi chiqarildi.

Sud qaroriga ko‘ra, Tojiboyev Jinoyat kodeksi ning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan aybdor deb topilib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Shuningdek, xuddi shu jinoyatni sodir etgan Sherqobilovga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

IIBB xabariga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor tadbirlardan so‘ng xaridorlar va tadbirkorlar bozordagi holat ijobiy tomonga o‘zgargan. Fuqarolarga har qanday mahsulot yoki xizmatlarni faqat rasmiy va ishonchli savdo nuqtalari orqali xarid qilish tavsiya etildi.


Spot, avvalroq, Sergeli avtomobil bozorida raqamli nazorat tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.