Prezidentning yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmoni qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab byudjet hisobidan tayanch doktorantura va doktoranturada kadrlar tayyorlashning yangi tartibi joriy etiladi.

Jumladan, doktoranturaga ajratiladigan umumiy qabul kvotasining kamida 60%i ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga oid ixtisosliklarga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, differensial stipendiya tizimi joriy etilib, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi.

Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishlarda tahsil olayotgan doktorantlarning ilmiy tadqiqotlari uchun zarur asbob-uskunalar xaridiga har oy bazaviy stipendiyaning 30%i miqdorida qo‘shimcha mablag‘ doktorant tahsil olayotgan tashkilotga yo‘naltiriladi.

Tayanch doktoranturaning birinchi o‘quv yilida sohaviy maxsus fanlar, ilmiy tadqiqot metodologiyasi, akademik yozish, statistika va ma‘lumotlar tahlili bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

Farmon bilan ilmiy rahbarlarga doktorantning ixtisosligiga mos fan tarmog‘ida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo‘lish talabi ham joriy etiladi.

Bundan buyon oliy ta‘limdan keyingi ta‘limga qabulda milliy sertifikatga ega talabgorlarni mutaxassislik fani bo‘yicha imtihondan ozod etish va ularga maksimal ball berish amaliyoti bekor qilinadi.

2027-yilgi qabuldan boshlab ilmiy rahbarlik va maslahatchilik uchun har oylik to‘lov o‘rniga natijaga asoslangan rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.

Unga ko‘ra, tayanch doktoranturaga qabul qilingan har bir stajyor-tadqiqotchi hamda o‘z vaqtida dissertatsiya himoya qilgan doktorant uchun ilmiy rahbarga bir martalik rag‘batlantiruvchi to‘lov beriladi.

Bunda Xirsh indeksi 5 dan kam bo‘lgan ilmiy rahbarlarga MHTEKMning 40 baravarigacha (50,84 mln so‘m), Xirsh indeksi 5 dan yuqori bo‘lgan ilmiy rahbarlarga esa 80 baravarigacha (101,68 mln so‘m) miqdorda to‘lov amalga oshiriladi.

Farmon bilan falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olish imkonini beruvchi Loyiha doirasida ilmiy daraja dasturi ham yo‘lga qo‘yiladi.

Dastur doirasida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ustuvor ilmiy ixtisosliklar bo‘yicha muddati uch yildan oshmaydigan tadqiqot loyihalari uchun har yili bir marta tanlov e‘lon qilinadi.

Tadqiqot loyihasida ishtirok etuvchi doktorant loyiha rahbari tomonidan tanlov asosida saralanadi. Loyiha rahbari esa bir vaqtning o‘zida uning ilmiy rahbari sifatida faoliyat yuritadi.

Shuningdek, doktorant tadqiqot loyihasi amalga oshirilayotgan tashkilotning izlanuvchisi sifatida faoliyat yuritadi hamda unga tayanch doktorantura uchun belgilangan miqdorda stipendiya to‘lanadi.

May oyi oxirida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oshirilishi taʼkidlangan edi. Sun‘iy intellekt, tibbiyot va energetika kabi sohalarda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaytirilishi taklif etilgan.


Spot, avvalroq, Samarqanddagi bir nechta oliygoh va filiallar qayta tashkil etilishi haqida yozgandi.