Shavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda yuqori salohiyatli ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Mamlakat uchun ustuvor hisoblangan sun‘iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya, oziq-ovqat xavfsizligi va tibbiyot kabi yo‘nalishlarda ilmiy kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish taklif qilindi.

Unga ko‘ra, ushbu sohalarda izlanish olib borayotgan yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaytiriladi.

Bunda ustuvor yo‘nalishlardagi doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oshirish hamda ilmiy tadqiqotlarda zarur bo‘lgan asbob-uskuna va reagentlar xaridi uchun har yili qo‘shimcha mablag‘ ajratib borish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ilmiy rahbarlar masʼuliyati va ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini kuchaytirish taklif qilindi.

Endi muvaffaqiyatli himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha ilmiy rahbarlarning xalqaro ilmiy faollik ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda natijaga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish tizimini joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.

Fevral oyida xalqaro taʼlim dasturlarini o‘qitayotgan texnikum xodimlariga ustama to‘lanishi haqida yozgandi.

Spot, avvalroq, o‘qituvchilar farzandlari uchun kontraktga 30% chegirma berish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.