O‘zbekistonda davlat OTMlarida o‘qiyotgan o‘qituvchilar farzandlari uchun kontraktga chegirma berish rejalashtirilmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Chegirma kelasi o‘quv yilidan boshlab to‘lov-kontrakt summasining 30%i miqdorida qo‘llanilib, u o‘qishga qabul qilingan hamda o‘qiyotgan talabalarga tatbiq etiladi.

Bunda chegirma har o‘quv yili uchun bir marotaba berilib, faqat bazaviy kontrakt (stipendiyasiz) uchun amal qiladi.

Arizalar kontrakt.edu.uz platformasi orqali yuboriladi. Pedagog maqomi “Elektron hukumat” tizimi orqali avtomatik tekshiriladi. Ota yoki ona pedagog maqomini yo‘qotsa, keyingi o‘quv yilidan chegirma bekor qilinadi.

Hujjatlar mas’ul bo‘linma tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi, agar ariza qabul qilinsa shartnoma shakllantiriladi, uni OTM va talaba tasdiqlashi kerak.

Talabgorlarga chegirmalar to‘g‘ri belgilanishini OTM rektori yoki filial direktori, mas’ul bo‘linma boshlig‘i, bosh buxgalteri va auditori doimiy nazorat qilib boradi. Agar chegirma noto‘g‘ri qo‘llansa, mas’ul bo‘linma hamda buxgalteriya mablag‘larni qaytarishi kerak.

Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 29-maygacha qabul qilinadi.

Avvalroq Spot 5 yillik stajga ega xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma berish boshlangani haqida yozgan edi.