Xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali rasmiy kanalida ma’lum qilindi.
Tavsiyanoma mutaxassisligi bo‘yicha 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga davlat OTMlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga beriladi. Ular alohida qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etishlari mumkin.
Asosiy talablar:
- o‘rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limi diplomiga;
- mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik mehnat stajiga ega;
- oliy ta’lim olmagan (bakalavr diplomi yo‘q) bo‘lish.
Tavsiyanomalar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan taqdim etilib, unga ega bo‘lganlar uchun davlat OTMlariga alohida 500 ta kvota ajratiladi. Bunda nomzodlar imtihon topshirib, ballar ketma-ketligi bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatgan 500 nafar xotin-qiz talabalikka qabul qilinadi.
Shuningdek, berilgan tavsiyanoma 3 yil muddatga amal qiladi va faqat bir marta o‘qishga kirish uchun foydalanish mumkin. Ya’ni bu yilgi qabulda nomzod o‘qishga kira olmasa, kelasi yilgi qabulda ham undan foydalana oladi.
Arizalar 1-iyunga qadar Yagona portal orqali qabul qilinadi. Xizmatdan havola orqali bepul foydalanish mumkin.
Imtiyoz xorijiy, nodavlat va harbiy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
Avvalroq Spot endi telefon raqamni boshqaning nomiga onlayn o‘tkazish mumkinligi haqida yozgan edi. Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish imkoni mavjud hamda mobil raqam 1−5 kun ichida boshqa shaxs nomiga rasmiylashtiriladi.