Rossiyaning “Ozon” onlayn tijorat kompaniyasi O‘zbekistonda sotuvni yo‘lga qo‘ydi. bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Endilikda fuqarolar mamlakatning barcha nuqtasidan 20dan ortiq toifadagi marketpleys mahsulotlariga buyurtma berishlari mumkin.

Birinchi bosqichda xaridorlar buyurtmalarni hamkor yetkazib berish punktlarida hamda 1660ta O‘zbekiston pochtasi bo‘limlarida qabul qilishlari mumkin. O‘rtacha yetkazib berish muddati 12 kunni tashkil etadi

2024-yilda “Ozon” mamlakatda o‘zining logistika infratuzilmasini, jumladan, ombor majmualari va yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, buyurtmalarni qabul qilish va berish uchun brend punktlarining franchayzing tarmog‘i ham rivojlantiriladi. Bu investitsiya buyurtmalarni yetkazib berish muddatini sezilarli darajada qisqartirishi ta’kdilangan.

“O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik iqtisodiyotlardan biri va elektron tijoratni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega davlat. Biz allaqachon mamlakat aholisiga 100 mlndan ortiq mahsulotlarni taklif qilmoqdamiz va qulay onlayn xarid uchun yangi imkoniyatlar taqdim etish maqsadida infratuzilmani rivojlantirishni davom ettiramiz”, — dedi “Ozon"ning MDH mamlakatlaridagi operatsiyalari va rivojlanishi bo‘yicha direktori Aleksey Sapon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning O‘zbekistondagi asosiy e’tibori mijozlarga tovarlarni yetkazib berish muddatini qisqartirish va sifatli xizmat ko‘rsatishga qaratilgan.

Shuningdek, “Ozon” mutaxassislari Savdo-sanoat palatasi yordamida mahalliy tadbirkorlar uchun o‘quv tadbirlarini o‘tkazadi. Kompaniya elektron tijoratni tartibga solish, mamlakatda transchegaraviy savdo mexanizmlarini takomillashtirish ishlarida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

Joriy yilning avgust oyida “Ozon” onlayn tijorat kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazini ochishi ma’lum bo‘ldi. U orqali mamlakatda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlar, EVA granulalari, sun’iy va tekstil matosidan poyabzallar hamda qorako‘l mahsulotlari kabilarni Rossiya savdo tarmoqlari va korxonalariga sotish imkoniyati yaratiladi.

Kompaniya haqida

Ozon” elektron tijorat kompaniyasi 1998-yilda onlayn kitob do‘koni sifatida tashkil etilgan. 2019-yilga kelib, mamlakatdagi uchta onlayn chakana savdo platformasidan biriga aylanadi.

2022-yilda kompaniya daromadi 277,1 mlrd rublni ($2,7 mlrd) tashkil etdi. Mazkur onlayn savdo platformasiga 9 mlndan ortiq mahsulotlarni joylashtirish imkoniyati mavjud.

Jumladan, charm-poyabzal, tekstil mahsulotlari, elektoronika, uy xo‘jaligi mahsulotlarini joylanadi. Kompaniyaning Rossiyadan tashqari, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda logistik markazlari mavjud.


Avvalroq KPMG konsalting kompaniyasi 2027-yilga borib O‘zbekistonda elektron tijorat bozori 6−7 barobar o‘sishi mumkinligni prognoz qilgandi.