Raqobat qo‘mitasi chakana savdo va elektron tijorat sohalaridagi muammolarni hal etish bo‘yicha tizimli yechimlar ustida ishlamoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida nazorat organiga savdo va umumiy ovqatlanish sohasi bilan bog‘liq 6414 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 19,2% i (1230 ta) onlayn savdoga tegishli.

Shikoyatlarning yarmidan ko‘pi Uzum ekotizimiga to‘g‘ri kelgan. Ularning 446 tasi (36,2%) Uzum Market marketpleysiga, 184 tasi (14,9%) esa Uzum Nasiya bo‘lib to‘lash xizmatiga oid bo‘lgan.

Fuqarolar, shuningdek, Alif Shop (7,5%) va Ishonch (5,6%) tarmog‘i bo‘yicha ham ko‘p murojaat qilgan. Elektron tijoratdagi shikoyatlarning 5% dan sal ko‘prog‘i O‘zbekistondagi Yandex xizmatlariga taalluqli bo‘lgan.

Murojaatlarning 57,2% ida Raqobat qo‘mitasi masalalarni iste’molchilar foydasiga hal qilib, ularning huquqlarini to‘liq tiklagan. Yana 36,8% holatda huquqiy tushuntirishlar berilgan, 2,7% murojaat esa vakolatiga muvofiq boshqa organlarga yuborilgan.

Murojaatlarni tahlil qilish jarayonida idora elektron tijorat sohasidagi qator tizimli muammo va muammolarga e’tibor qaratdi:

  • savdo ishtirokchilarini identifikatsiya qilish va axborot shaffofligini ta’minlash;
  • elektron shartnomalar va bo‘lib to‘lash xizmatlarini takomillashtirish;
  • tovarlarni yetkazib berish va pul mablag‘larini qaytarish mexanizmlarini yaxshilash;
  • onlayn platformalarning mas’uliyatini oshirish;
  • nizolarni sudgacha hal qilishning raqamli mexanizmlarini ishlab chiqish va ommalashtirish;
  • elektron hujjat aylanishini takomillashtirish;
  • iste’molchilar va biznesning huquqiy madaniyatini oshirish.

Qayd etilishicha, nazorat organi nafaqat alohida shikoyatlarni hal qilish bilan shug‘ullanmoqda, balki yangi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun kelib tushgan murojaatlarni ham tahlil qilmoqda.


Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi dorixonalarda ayrim dorilar 6 baravargacha qimmat sotilganini aniqlagani haqida yozgandi.