Raqobat qo‘mitasi tomonidan 21 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.

Qo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan “Quyuv-mexanika zavodi” tomonidan o‘tkazilgan eng yaxshi takliflarni tanlash (tender) savdolari “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganishlar natijasida O‘zbekiston temir yo‘llari tizim tashkiloti bo‘lgan zavod o‘tkazgan jami 21 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 8 ta tanlov savdolarida qonun talablari buzilgani aniqlandi.

Xususan, “Raqobat to‘g‘risida"gi Qonunning 29-moddasiga rioya qilinmay, savdolarda raqobatni cheklovchi yoki cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlar sodir qilingan.

Yuqoridagilarga muvofiq, qo‘mitaning hududiy boshqarmasi Maxsus komissiyasi tomonidan buyurtmachi tashkilotga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Ish “Raqobat to‘g‘risida"gi Qonun talablari buzilish alomatlari bilan ochilib, natijasiga ko‘ra belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.


Avvalroq Spot 29 ta korxona un sotish qoidalarini buzgani uchun birja savdolaridan chetlashtirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek, davlat resursi bug‘doyidan ishlab chiqarilgan unni birja orqali sotish tartibiga amal qilmagan 25 ta un ishlab chiqaruvchiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.