Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi Buxoroda WB Taxi xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda guruh matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.

Foydalanuvchilar xizmatdan foydalanish uchun ilovani App Store va Google Play orqali yuklab olib, Buxoro shahri bo‘ylab taksi buyurtma qilishi mumkin. Shu tariqa, Buxoro Toshkent va Samarqanddan keyin Wildberries’ning taksi agregatori faoliyat yuritayotgan O‘zbekistondagi uchinchi shaharga aylandi.

Ilovada sodiqlik dasturi ham joriy etilgan. Ilovaga ulangan bank kartasi orqali to‘lov qilganda bonus ballari yig‘iladi va ularni keyingi safarlar uchun to‘lov sifatida ishlatish mumkin.

“WB Taxi haydovchilarga hamkorlikning shaffof shartlari, hamkorlar uchun agregator komissiyasining pasaytirilgan stavkasi, belgilangan safarlar rejasini bajarganda tezkor kafolatlangan to‘lovlar imkoniyatini taqdim etadi. Shuningdek, hamkorlar servis jamoasining qo‘llab-quvvatlashidan ham foydalanishi mumkin”, — dedi kompaniyaning O‘zbekistondagi taksi agregatori rahbari Timur Aliyev.

Wildberries taksi xizmati 2025-yil dekabr oyida Toshkentda cheklangan foydalanuvchilar uchun — taklifnoma yoki kutish ro‘yxati orqali ishga tushirilgan edi. 23-martdan ilova barcha foydalanuvchilar uchun ochildi, uch oy o‘tib esa kompaniya xizmat Samarqandda ham ishga tushirilganini e’lon qildi.

Avvalroq Spot Wildberries sotuvchilar uchun komissiyalarni qanday oshirgani va bu o‘zgarishlar kimlarga ta’sir qilgani haqida yozgan edi.