Wildberries 7-iyuldan boshlab sotuvchilar uchun komissiyalarni oshiradi. Bu haqda Kommersant nashri marketpleysning yangilangan ofertasiga tayanib xabar berdi.
Kompaniya qarorni yoqilg‘i narxining keskin qimmatlashuvi va logistika xarajatlarining oshgani bilan izohladi. Shu bilan birga, o‘zgarishlar barcha tovarlarga bir xil taalluqli emas — ayrim toifalarda komissiyalar kamaytiriladi, ba’zilarida esa o‘zgarishsiz qoladi.
Eng katta o‘zgarish marketpleysdan faqat vitrina sifatida foydalanib, buyurtmalarni mustaqil yetkazib beradigan sotuvchilarga taalluqli bo‘ladi — ular uchun komissiyalar 20 foiz punktiga oshiriladi.
O‘z omboridan ishlovchi sotuvchilar uchun komissiya 6 foiz punktiga, Wildberries omboridan foydalanuvchilar uchun esa 5 foiz punktiga ko‘tariladi. Wildbox xizmatining baholashicha, bu o‘zgarish platformadagi tovarlarning 90%igacha narxi oshishiga olib kelishi mumkin.
MoySklad xizmati bosh direktori Askar Rahimberdiyevning ta’kidlashicha, tariflarning oshirilishi muqarrar ravishda sotuvchilarga zarba beradi.
Ularning aksariyati kichik va o‘rta biznes vakillari bo‘lib, qo‘shimcha xarajatlar oxir-oqibat xaridor zimmasiga yuklanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, komissiyalarning oshishi sotuvchilarning marketplace’dan ketishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Hozirda Rossiyadagi sotuvchilar uchun marketpleys komissiyalari o‘rtacha tushumning 25−40%ini tashkil etadi. Logistika, saqlash, reklama va qaytarish xarajatlari ham qo‘shilganda esa bu ko‘rsatkich 50−70%gacha yetadi.
Elektron savdo vakillari assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida yirik marketplace’larning logistika xizmatlari narxi 33−89% ga, platformalar komissiyalari esa 58−63% ga oshgan.
Spot Wildberries matbuot xizmatiga murojaat qilganida, kompaniya vakillari mazkur o‘zgarishlar O‘zbekistondagi sotuvchilarga taalluqli emasligini ma’lum qildi.
Joriy yil iyun oyi boshida Vladimir Putin Wildberries platformasida O‘zbekistondan yetkazib berilayotgan mahsulotlar aylanmasi 2026-yil yakuniga qadar 50% ga oshib, $2 mlrddan ortishi mumkinligini aytgandi.
Wildberries’ning O‘zbekistondagi faoliyati
2025-yilda Wildberries platformasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi 50% dan ko‘proqqa oshib, $1,4 mlrddan ortdi.
Kompaniyaning O‘zbekistondagi bo‘linmasi rahbari Akmal Primqulov Spot’ga mahalliy bozorda ekotizimni rivojlantirish rejalari haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Wildberries uchta asosiy yo‘nalishga e’tibor qaratadi: elektron tijorat infratuzilmasi, taksi va fintex.
“Har qanday xalqaro kompaniya uchun ekotizimni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biridir. O‘zbekiston Wildberries uchun muhim bozor hisoblanadi va biz ombor quvvatlari hamda infratuzilmani rivojlantirishga katta mablag‘ yo‘naltiryapmiz”, — dedi Primqulov.
Shu bilan birga, u O‘zbekistonda “WB Bank"ni ochish hozircha rejalashtirilmaganini bildirdi. Moliyaviy xizmatlar mahalliy hamkorlar orqali ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, kompaniya hozirgi bosqichda o‘zining WB Travel sayohat va bron qilish xizmatini ishga tushirishni maqsadga muvofiq deb hisoblamaydi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda marketpleyslarning sotuvchilar bilan shartnomalari tekshirilishi haqida yozgandi.