O‘zbekistonda barcha elektron savdo platformalarining ommaviy ofertalari, shartnomalari va boshqa hujjatlari o‘rganiladi. Bu haqda 24-iyun kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan marketpleyslar orqali savdo qilish imkoniyatlariga bag‘ishlangan ochiq muloqotda so‘z bordi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlarni tilga oldi. Uning aytishicha, yirik platformalar ayrim hollarda tovar narxining 40−50% gacha komissiya olmoqda, sotuvchilarni belgilangan minimal narxdan arzonroq sotgani uchun jarimaga tortmoqda hamda hamkorlik shartlarini barcha uchun bir xil va shaffof emas, balki individual tartibda belgilamoqda.
Shuningdek, u O‘zbekiston onlayn savdo infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagani sababli, jumladan, bond omborlari va B2O (business-to-onlayn) mexanizmlarining yo‘qligi tufayli Xitoy kabi tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini yo‘qotayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mexanizmlardan Turkiya kabi raqobatchi davlatlar faol foydalanmoqda.
Tadbir doirasida Ozon bilan hamkorlikda Rossiyaning beshta hududiga biznes-missiya tashkil etilishi ham e’lon qilindi. Undan maqsad — bond omborlari faoliyatini o‘rganish hamda O‘zbekiston eksportchilari uchun platforma imkoniyatlarini tahlil qilish. Davron Vahobovning ta’kidlashicha, Ozon platformasi Rossiyadagi 67 mln iste’molchiga kirish imkonini beradi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Elektron tijoratni rivojlantirish va tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyevning ma’lum qilishicha, regulyator hozirda sotuvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi ofertalar, shartnomalar va boshqa hujjatlarni o‘rganmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim platformalar hujjatlarida bir-birini takrorlovchi va o‘zaro zid qoidalar, shuningdek, turli toifadagi sotuvchilarga nisbatan differensial yondashuv alomatlari aniqlangan. Muhammadiyev davlat ularning javobgarligi masalasida aniq choralar ko‘rishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.
“Barcha ichki qoidalarni qonunchilik talablariga muvofiq ravishda joy-joyiga keltirishimiz kerak. Biz ularga ko‘maklashishga tayyormiz. Ular ichki bozorimizga kirib, bundan manfaatdor bo‘layotgan ekan, mamlakatimizga ham manfaati tegishi kerak. Bu nafaqat soliq, balki boshqa masalalarda ham”, — dedi u.
Bundan tashqari, Muhammadiyev elektron tijorat sohasida nafaqat import, balki eksport borasida ham barcha uchun teng imkoniyatlar yaratilishi zarurligini qayd etdi.
Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Temu’ni xavfli mahsulotlar sotgani uchun 200 mln yevro jarimaga tortgani haqida yozgan edi.