Yevrokomissiya Xitoyning Temu marketpleysiga 200 ln yevro jarima solishga qaror qildi, deya xabar bermoqda Euronews.

Bunga platformada iste’molchilar uchun potensial xavfli bo‘lgan quvvatlash qurilmalari va bolalar o‘yinchoqlarining ommaviy sotilishi sabab bo‘lgan.

Yevrokomissiya bayonotiga ko‘ra, kompaniya Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni (DSA) talablariga muvofiq, xavfli tovarlar bilan bog‘liq tizimli xavflarni o‘z vaqtida aniqlay va bartaraf eta olmagan.

Temuga nisbatan tergov 2024-yil oktabr oyidan beri “juda yirik onlayn platformalar” uchun Yevropa Ittifoqi talablarining bajarilishini tekshirish maqsadida olib borilgan. Uning doirasida mustaqil sinov tashkiloti bir qator tovarlarni nazorat xaridini amalga oshirdi.

Tahlil shuni ko‘rsatdiki, bolalar o‘yinchoqlarining “sezilarli qismi"da kimyoviy moddalarning ruxsat etilgan konsentratsiyasidan oshib ketgan yoki mayda olinadigan qismlar tufayli bo‘g‘ilish xavfi mavjud. Ko‘pgina quvvatlash qurilmalari asosiy elektr xavfsizligi sinovlaridan o‘tmagan.

Shuningdek, YK platforma dizayni va uning xavfli tovarlar tarqalishiga ta’siriga e’tiroz bildirdi. Tavsiya qiluvchi algoritmlar va ta’sir o‘tkazuvchilar ishtirokidagi targ‘ibot noqonuniy e’lonlar qamrovini oshirishi mumkin, bu esa Temu tomonidan to‘g‘ri hisobga olinmagan.

Yevropa Komissiyasi bayonotida ta’kidlanishicha, Temu Yevropa Ittifoqi iste’molchilarining kontrafakt bilan aloqa qilish ehtimolini “jiddiy baholamaydi”.

Maydoncha risklarini baholash tizimi uning ishlashi to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlar va dalillarga emas, balki elektron tijorat sohasidagi risklar to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlarga asoslanadi.

“Temu xavflarini baholash haqiqiy xavflarni kamaytirib ko‘rsatadi, aniqlikdan mahrum, ishonchli dalillarga tayanmaydi va keng qamrovli emas”, — dedi Texnologik suverenitet, xavfsizlik va demokratiya masalalari bo‘yicha Yevropa komissari Xenna Virkkunen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyatorlar, foydalanuvchilar va jamoatchilik noqonuniy mahsulotlarni marketpleys orqali sotishdan “ehtimoliy zararning haqiqiy ko‘lamini” anglamaydi. “Temu qonunga rioya qiladigan vaqt keldi,” — deya qo‘shimcha qildi u.

Jarimadan tashqari, marketpleys uch oy ichida xavflarni baholashdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejasini taqdim etishi kerak. Yevropa raqamli xizmatlar kengashi rejani bir oy ichida ko‘rib chiqadi, shundan so‘ng Yevropa komissiyasiga yakuniy qaror qabul qilish uchun bir oy vaqt beriladi.

Agar Temu DSA talablariga muvofiqlik to‘g‘risidagi ko‘rsatmani bajarmasa, kompaniya qo‘shimcha jarimalarga duch kelishi mumkin.

YK qonunchilikka rioya etilishini kengroq monitoring qilish uchun marketpleys bilan aloqalarni davom ettirishga va’da berdi.

Temu jarimani “nomutanosib” deb atadi va YK qaroriga e’tiroz bildirishga va’da berdi. “Biz ushbu qarorni diqqat bilan o‘rganib chiqmoqdamiz va o‘zimiz uchun mavjud bo‘lgan barcha variantlarni ko‘rib chiqmoqdamiz”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Shu bilan birga, Temu matbuot xizmati “Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunning maqsadlarini hurmat qilishini” va raqamli iqtisodiyot uchun aniq qoidalar mavjudligini muhim deb bilishini ta’kidladi. Marketpleys “tartibga soluvchilar bilan konstruktiv hamkorlik qilishga” tayyorligini bildirdi.


Avvalroq Temu xorijdan Turkiyaga tovarlar sotishni to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.