Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorga hisoblangan qariyb 597 mln so‘mlik jarima bekor qilindi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadbirkor S.M. unga nisbatan hisoblangan jarimadan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, Toshkent viloyati suv ta‘minoti tomonidan tuzilgan dalolatnoma asosida tadbirkor zimmasiga 596,8 mln so‘m miqdorida zarar summasi hisoblangan.

Masalaga huquqiy baho berish maqsadida Biznes-ombudsman xodimlari Toshkent viloyati suv ta‘minoti hamda Qurilish inspeksiyasi vakillari bilan birgalikda holatni o‘rgangan.

O‘rganish davomida dalolatnomani rasmiylashtirish va zarar miqdorini hisoblashda qonunchilik talablari buzilgani aniqlangan.

Xususan, zarar miqdorini aniqlash uchun zarur bo‘lgan suv bosimi, quvurning ichki diametri hamda suv sizib chiqishining davomiyligi kabi muhim ma‘lumotlar dalolatnomada to‘liq aks ettirilmagan.

Shundan so‘ng Biznes-ombudsman tomonidan kiritilgan xulosa asosida Toshkent viloyati suv ta‘minoti dalolatnomani hamda uning asosida hisoblangan 596,8 mln so‘mlik jarimani to‘liq bekor qildi.

Spot, avvalroq, Qashqadaryoda tadbirkor foydasiga 1,5 mlrd so‘m undirish haqidagi sud qarori kuchida qoldirilgani haqida yozgandi.