Xorazm viloyatida faoliyat yurituvchi A.E.T. xususiy korxonasi foydasiga 1,5 mlrd so‘mlik qarzni undirish haqidagi sud qarori kuchida qoldirildi. Bu haqda Biznes-ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Ma‘lum qilinishicha, korxona 2023-yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumani hokimligi obodonlashtirish boshqarmasiga shartnoma asosida 20 dona transformator yetkazib bergan. Biroq mahsulot qiymati uzoq vaqt davomida to‘lanmagani sabab tadbirkor sudga murojaat qilgan.

Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudi 2024-yil 1-avgustdagi hal qiluv qarori bilan javobgardan korxona foydasiga 1,5 mlrd so‘m asosiy qarzni undirishni belgilagan.

Shundan so‘ng Qashqadaryo viloyati g‘aznachilik xizmati boshqarmasi qonunchilikda belgilangan protsessual muddatlarga rioya etmagan holda kassatsiya shikoyati kiritgan.

Natijada 2025-yil 11-sentabrda kassatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilib, tadbirkor zimmasiga 45 mln so‘mdan ortiq davlat boji ham yuklagan.

Biznes-ombudsman mazkur holatni o‘rganib chiqib, tadbirkor manfaatlarini himoya qilish maqsadida yuqori sud instansiyasiga taftish shikoyati kiritgan.

Yakunda kassatsiya instansiyasi qarori bekor qilinib, Shahrisabz tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori kuchida qoldirildi.

Biznes-ombudsmanga ko‘ra, ushbu qaror bilan tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanib, unga tegishli 1,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni undirish imkoniyati yaratildi.

Spot, avvalroq, Farg‘onada tadbirkorni asossiz elektrdan uzib qo‘ygan mansabdor jarimaga tortilgani haqida yozgandi.