Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Marosimda umumiy qiymati $9,4 mlrd bo‘lgan 206 ta loyiha qamrab olindi. Shundan $2,050 mlrdlik 98 ta loyiha ishga tushirildi, $7,35 mlrdlik 108 ta loyihaning qurilishi boshlandi.
Ushbu loyihalar energetika, qurilish, to‘qimachilik, mashinasozlik, taʼlim, turizm, logistika, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarni qamrab olgan. Ular viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida amalga oshiriladi.
Xususan, paxta-to‘qimachilik klasteri, elektr energiyasini saqlash va taqsimlash tizimi, mebelsozlik va charm-poyabzal sanoat zonalari, elektr avtobuslar, quyosh panellari va mikrogidroenergetika uskunalari ishlab chiqarish, shuningdek, zamonaviy taʼlim va tibbiyot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Yangi loyihalar doirasida zamonaviy turar joy majmualari, xalqaro logistika va turizm markazlari, gidroelektr stansiyasi, chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonasi, transport vositalari va yuk vagonlari ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Loyihalar Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Tojikiston kompaniyalari hamda mahalliy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Ularning ro‘yobga chiqarilishi natijasida 45 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga 60,6 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va $533 mlnlik eksport imkoniyati shakllanadi.





Marosimda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan masʼullar, xorijlik hamkorlar va tashabbuskorlar videoaloqa orqali ishtirok etdi. Ular loyihalarning ahamiyati, amalga oshirish jarayoni va ishga tushirish muddatlari haqida axborot berdi.
Davlat rahbari mazkur tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijlik hamkorlar va mahalliy tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Prezident ramziy tugmani bosib, 98 ta yangi loyihani ishga tushirdi va 108 ta obyekt qurilishiga start berdi. Shundan so‘ng investorlar va hudud faollari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Spot, avvalroq, Andijon aeroportining yillik yo‘lovchi sig‘imini 3,5 mln nafarga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.




