Toshkent biznesi Afg‘onistondan oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shahar va tumanlar ma‘muriyatlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari hukumat delegatsiyasi tarkibida amaliy tashrif bilan qo‘shni davlatda bo‘lib turibdi. 25-iyul kuni mehmonlar Bomiyon va Hirot viloyatlari hokimliklari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tomonlar oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va Toshkent bozorlarida narx-navo barqarorligini ta‘minlash maqsadida ushbu hududlardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, mehmonlar savdo uylarini ochish rejalari borligini ham ma‘lum qildi. Muzokaralar yakunida “o‘zaro manfaatli va istiqbolli kelishuvlarga” erishildi, deya qayd etdi hokimlik.

Ma‘muriyat tashrifning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekiston (xususan, Toshkent) va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdoni oshirish ekanini ta‘kidladi. Oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika sanoati, avtomobilsozlik va boshqa sohalarda eksport salohiyatini kengaytirish rejalashtirilgan.

Savdo-sanoat palatasi Bomiyon viloyati rahbari Al-Hoji Qori G‘ulom Haydar bilan o‘tgan muzokaralar tafsilotlarini ma‘lum qildi. Joriy yilning bahorida tomonlar viloyatda klaster yondashuvi asosida sanoat usulida kartoshka yetishtirish rejalarini muhokama qilgan edi.

Sinov loyihasi doirasida 17 gektarlik maydonga 44 tonna Fontane navli urug‘lik kartoshka ekildi. Afg‘oniston tomonining ma‘lumotlariga ko‘ra, yuqori hosil kutilmoqda.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston tomonidan har yili 300 ming tonnagacha Afg‘oniston kartoshkasini xarid qilish bo‘yicha avval e‘lon qilingan rejalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Uchrashuvda ushbu loyiha mamlakatlar o‘rtasidagi agrar hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi alohida ta‘kidlandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida 50 gektar maydonda logistika markazi qurilishi haqida yozgandi.