O‘zbekiston pochtasi milliy pochta operatori (UzPost) ishonchli boshqaruvga berildi. Bu haqda Yagona korporativ axborot portalida e‘lon qilingan aksiyadorlarning 21-sentabrdagi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bayonnomasida ma‘lum qilingan.
Hujjatga ko‘ra, UzPost ustav kapitalidagi 92,9% aksiyalardan iborat davlat ulushini ishonchli boshqarish to‘g‘risidagi shartnoma (01/3−94-sonli) 2025-yil 30-dekabrda tuzilgan.
Spot ma‘lumotiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-oktabrdagi qarori hamda 2025-yil 30-dekabrda tuzilgan Ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida UzPost‘dagi davlat aksiyalar paketi WB INT EXPORT korxonasiga (Wildberries‘ning 100% lik sho‘ba korxonasi) bir yil muddatga ishonchli boshqaruvga berilgan.
8-oktabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri Madina Ochilova UzPost “yopiq hujjat” asosida Wildberries boshqaruviga berilganini ma‘lum qildi. U idora rahbariyatidan ushbu hujjat qachon va qaysi asosda qabul qilinganini so‘radi.
“Bugungi kunda ishonchli boshqaruv shartnomasi yo‘q. Faqat hamkorlik to‘g‘risida shartnoma bor. Buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishonchli boshqaruv deb bo‘lmaydi. Mazkur boshqaruvga jalb etish bo‘yicha shartnoma tuzilgan edi. Bugungi kunda ishonchli boshqaruv shartnomasi mavjud emas”, — dedi Davaktiv agentligi rahbari Sohibjon Murodov.
Sentabr oyida bo‘lib o‘tgan UzPost aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakili sifatida ishtirok etgan aksiyadorlar Wildberries tomonidan taklif qilingan 100 mlrd so‘mlik qarzni ma‘qullamadi. Shuningdek, uch yil muddatga yangi kuzatuv kengashi saylandi. Undagi o‘rinlarning aksariyati Wildberries vakillariga, jumladan, WB INT EXPORT MChJ bosh direktori Akmal Primqulovga berildi.
Pochta masalasi
2025-yil iyun oyida UzPost’ning affillangan shaxslari ro‘yxatida o‘zgarishlar yuz berdi. Undan Aloqabank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, shuningdek ustav kapitalining 20% dan ortig‘i Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar chiqarildi. Ularning o‘rniga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA), unga aloqador yuridik shaxslar hamda O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) kiritildi.
Uchta yangi subyektning barchasi UzPost’da 20% va undan ortiq ulushga ega. Bundan tashqari, sentabr oyida dastlab UzNIFga o‘tkazilishi rejalashtirilgan UzPost’ning 25% lik ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tdi.
12-oktabr kuni UzPost xususiylashtirilgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Kompaniyadagi davlat ulushini Rossiyaning marketpleysi sotib olgani, xususan, Wildberries nomi tilga olingan.
Ertasi kuni UzPost xususiylashtirish haqidagi xabarlar fonida investorlarni jalb qilish rejalari borligini tasdiqladi. Kompaniya elektron tijoratning rivojlanishi va an’anaviy pochta xizmatlariga talabning kamayishi sharoitida xizmatlarni diversifikatsiya qilish, qulaylik va texnologik imkoniyatlarga bo‘lgan talab ortayotganini qayd etdi.
UzPost ma’lum qilishicha, investitsiyalar infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika tizimini rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish, pochta bo‘limlari tarmog‘ini, jumladan, qishloq joylarda kengaytirish hamda pochta jo‘natmalari va posilkalarni qayta ishlash hamda yetkazib berish uchun zamonaviy quvvatlarni yaratishga yo‘naltiriladi.
Undan keyin vaziyatdan xabardor manba Spot’ga davlat ulushini RVB — Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi sotib olganini ma’lum qilgandi. Rossiya bozoridagi ikki manbaga tayanib, RBC ham Wildberries pochta operatorini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etganini yozdi. Suhbatdoshlardan biri marketpleysning O‘zbekistondagi rejalari keng ekanini bildirgan.
Uzum raqamli ekotizimi ham UzPost’ga investitsiya kiritishga, shuningdek Uzum Market’dagi barcha buyurtmalarning 10% igacha bo‘lgan qismini pochta infratuzilmasi orqali yetkazib berish hajmini oshirishga tayyorligini bildirdi. Guruh yaqin 3−4 yil ichida O‘zbekistonga jami $1,5 mlrd investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Keyinroq Uzum UzPost uchun o‘tkaziladigan savdolarda ishtirok etish uchun ariza topshirganini bildirgan.
Ekotizimda pochta xizmati davlatning eng muhim aktivlaridan biri sifatida uni boshqarish nafaqat biznes, balki milliy manfaatlarni ham hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerakligi ta’kidlandi.
“Pochta bir qator muhim ijtimoiy funksiyalarni bajaradi, butun mamlakat bo‘ylab minglab ish o‘rinlarini ta‘minlaydi va aynan O‘zbekiston IT-kompaniyasi bilan sinergiya samaradorlik va ijtimoiy ish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga, shuningdek, UzPost’ning barcha hamkorlari, xoh o‘zbekistonlik yoki chet ellik o‘yinchilar, xoh yirik yoki kichik biznes bo‘lsin, manfaatlarini muvozanatlashtirishga imkon beradi”, — deyiladi xabarda.
Oktabr oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi DABA’dan pochta operatoridagi 29,4% lik davlat ulushini sotish bo‘yicha savdolarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashni talab qildi. Idora xususiylashtirilayotgan aktivlar haqidagi ma’lumotlarni Ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilish bo‘yicha qonunchilik talablarini eslatdi.
Spot avvalroq UzPost Wildberries‘dan 360 mlrd so‘mlik foizsiz qarz olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.