Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlari uchun shubhali (frod) operatsiyalarni aniqlash bo‘yicha yangi talablarni belgilashni taklif qilmoqda. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

Yangi tartib jismoniy shaxslarning roziligisiz amalga oshirilgan moliyaviy operatsiyalarni aniqlashga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, banklar va to‘lov tashkilotlarining antifrod tizimlari 24/7 ishlashi va shubhali operatsiyalarni real vaqt rejimida aniqlashi kerak bo‘ladi. Tizimlar barcha masofaviy xizmat kanallarini qamrab oladi.

Operatsiyalar skoring tizimi orqali baholanadi. Bitta belgi asosida operatsiyani bloklash mumkin emas — qaror bir nechta shubhali belgilar kombinatsiyasi asosida qabul qilinadi.

Xavf darajasiga qarab operatsiya amalga oshiriladi, vaqtincha to‘xtatiladi va mijozdan tasdiq olinadi yoki rad etiladi.

Masalan, mijozga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilinayotgani, telefonda masofadan boshqarish dasturi ishlayotgani yoki mijoz boshqa shaxs tomonidan boshqarilayotgani kabi ijtimoiy muhandislik belgilari aniqlansa, operatsiya kamida o‘rta xavfli deb baholanib, qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Shubhali operatsiya to‘xtatilsa yoki rad etilsa, mijoz darhol xabardor qilinishi kerak. Banklar bunday holatlar bo‘yicha 24/7 shikoyat qabul qilish imkoniyatini yaratadi.

Shikoyat 30 daqiqada tasdiqlanadi, dastlabki tekshiruv 24 soat ichida, yakuniy javob esa 5 kun ichida beriladi.

Shuningdek, banklar o‘rtasida frod operatsiyalari haqidagi markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Yangi firibgarlik sxemalari va tahdidlar haqidagi ma’lumotlar Markaziy bank bilan almashib boriladi.

Antifrod tizimida qayd etilgan ma’lumotlar kamida 5 yil saqlanadi. Yirik frod hodisasi yuz bersa, Markaziy bank 4 soat ichida xabardor qilinishi kerak.

Bundan tashqari, banklar mijozlarni firibgarlik xavflari haqida muntazam ogohlantirib boradi, antifrod tizimlarining samaradorligi esa kamida har chorakda bir marta baholanadi.

Izoh va takliflar 9-oktabrgacha qabul qilinadi. Qaror rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kirishi rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot Senat to‘lov tizimlarida antifrod tizimini joriy etishga qaratilgan qonunni ma’qullagani haqida yozgandi.