Saudiya Arabistoni neftni Fors ko‘rfazidan Qizil dengiz sohiliga olib o‘tuvchi Sharq-G‘arb (East-West) neft quvurini dron hujumlari sabab vaqtincha to‘xtatdi, deya xabar berdi Financial Times.

Mazkur quvur mamlakat sharqidagi neft konlarini Qizil dengizdagi Yanbu porti bilan bog‘laydi va Hormuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tuvchi muhim muqobil yo‘nalish hisoblanadi.

Saudiya Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar Riyod va Madina hududlarida sodir bo‘lgan. Quvur xavfsizligini tekshirish uchun maxsus guruhlar jalb qilingan. Saudiya tomoni dronlar Iroq hududidan uchirilganini bildirgan.

Mazmkur neft quvurining uzunligi qariyb 1,2 ming kilometr bo‘lib, u orqali kuniga taxminan 4 mln barrel neft tashish imkoniyati mavjud. Bu jahon neft ta’minotining qariyb 4%iga teng.

Shu sababli quvurning uzoq vaqt ishlamasligi global bozorda neft ta’minoti bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirishi mumkin.

Saudiya eksportchilari quvur tezda ishga tushmasa, Yanbu portidagi zaxiralar atigi 5−7 kun eksportni davom ettirishga yetishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Hujum haqidagi xabarlar neft narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. 11-sentabr kuni Brent nefti $104,56 atrofida yopilgan va bir hafta davomida narx 8% dan ko‘proq oshgan.

Keyingi kunlarda bosim yanada kuchaydi: Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Brent narxi $107,82 gacha ko‘tarilgan. WTI esa $103,22 atrofida bo‘lgan.

Agar quvur uzoq vaqt ishlamay qolsa, Saudiya eksportining qisqarishi jahon bozorida mavjud neft taqchilligini yanada kuchaytirishi mumkin.

Vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan jihat shundaki, Saudiya Arabistonining neft eksporti uchun muhim bo‘lgan boshqa yo‘nalishlarda ham xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar mavjud. Hormuz bo‘g‘ozi orqali eksport cheklangan, Qizil dengiz va Bab al-Mandab hududida esa hutiylar hujumlari xavfi kuchaygan.

Reuters hisob-kitobiga ko‘ra, quvurning uzoq vaqt ishlamasligi jahon neft ta’minotining 4%igacha qisqarishiga olib kelishi mumkin. Bu allaqachon ta’minot muammolari mavjud bo‘lgan bozorda narxlarni yanada oshirishi ehtimolini kuchaytiradi.

Agar neft quvuri uzoq muddat faoliyatini tiklamasa, Saudiya Arabistonining neft eksporti kamayishi va jahon bozorida ta’minot taqchilligi kuchayishi mumkin.

Bu esa neft narxining yanada oshishiga, transport va ishlab chiqarish xarajatlarining ko‘tarilishiga hamda global inflyatsiyaga bosim kuchayishiga olib kelishi ehtimoli bor.


Avvalroq Goldman Sachs Neft narxi barreliga $120 gacha ko‘tarilishi mumkinligi haqida xabar bergandi.

Yaqin Sharqdagi kemalarga hujumlar kuchaysa, dengiz tashuvlaridagi uzilishlar yanada kengayishi kutilmoqda.