Yaqin Sharqdagi kemalarga hujumlar kuchaysa, neft narxi barreliga $120 gacha ko‘tarilishi mumkin. Bu haqda Goldman Sachs kompaniyasining xomashyo bo‘yicha global tadqiqotlar yo‘nalishi hamrahbari Daan Struyven Bloomberg TV efirida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlardagi voqealar dengiz tashuvlaridagi uzilishlar yanada kengayishi xavfi sezilarli darajada oshganini ko‘rsatmoqda.

Dam olish kunlari AQSH Eronning uchta tankeriga zarba berdi: M/T Downy tankeri Xark oroli yaqinida, M/T Stark 1 esa Jask porti yaqinida ishdan chiqarildi.

Bo‘sh turgan M/T Kylo tankeri esa Ummon qo‘ltig‘ida yo‘q qilindi. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lum qildi. Zarbalarga Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan AQSH aviatashuvchi kemasi va esminetsiga ballistik raketalar uchirilgani sabab bo‘lgan.

Shundan so‘ng Korpus Tehron ruxsatisiz Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlangan uchta tanker va AQSh bilan bog‘liq yana uchta kemaga hujum qilganini ma’lum qildi.

Tehron, shuningdek, bo‘g‘oz tashqarisida yangi taqiqlangan hudud e’lon qildi. AQSH kemalari Eron portlarini bloklashda va boshqa eksportchilarning kemalarini kuzatib borishda davom etmoqda.

Shu fonda Brent nefti iyuldan beri eng yuqori darajaga ko‘tarilib, barreliga qariyb $97 narxda sotilmoqda. Goldman Sachs $120 ssenariysidan tashqari, qarama-qarshi — $80 gacha pasayish ssenariysini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu mintaqadan neft eksporti odatdagi holatga qaytgan taqdirda yuz berishi mumkin.

Rossiya budjeti uchun esa neftning qimmatlashuvi endi har doim ham yaxshi yangilik emas. Avgust oyida mamlakatning neft-gaz daromadlari 424 mlrd rublni tashkil etdi. Bu yanvardan beri eng past ko‘rsatkich bo‘lib, o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 16% kam.

Bunga qaramay, Urals narxi bog‘langan North Sea Dated (NSD) benchmark neftining o‘rtacha narxi avgustda barreliga $90,72 gacha ko‘tarildi. Iyulda bu ko‘rsatkich $83,39 edi. Avgust oyida NSD va Urals o‘rtasidagi chegirma barreliga $24,7−26 ni tashkil qilgan.

Buning sabablaridan biri — neft kompaniyalariga yoqilg‘i dempferi mexanizmi doirasida amalga oshiriladigan to‘lovlar. Eksport narxi ichki bozordagi narxdan qanchalik yuqori bo‘lsa, davlat budjetiga tushadigan subsidiya xarajati shunchalik oshadi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston Ozarbayjondan neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchiligi haqida yozgandi.