22−25-sentyabr kunlari Toshkent shahrida ICT Week Uzbekistan 2026 bo‘lib o‘tadi. Spot nashri tadbirning axborot hamkori hisoblanadi.

Tadbirlar Central Asia Expo majmuasida o‘tkaziladi. Ularda mahalliy va xorijiy faunderlar, biznes farishtalar, soha ekspertlari, jamg‘armalar va global texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etadi.

Bu yil texnologik tadbirkorlik, venchur bozori va loyihalarni xalqaro miqyosga olib chiqishga alohida e‘tibor qaratiladi.

Dastur startaplar, ularning rivojlanishi va miqyosini kengaytirishga bag‘ishlangan bir qator ixtisoslashtirilgan tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Jamoalar o‘z loyihalarini taqdim etishi, yangi imkoniyatlar va aloqalar o‘rnatishi mumkin bo‘ladi, investorlar esa istiqbolli yechimlar va salohiyatli hamkorlar bilan tanishadilar.

Xususan, 22-sentyabr kuni ICT Week doirasida startap-dasturining boshlang‘ich nuqtasi sifatida qaraladigan Startup & Venture Summit bo‘lib o‘tadi. Uning asosiy mavzusi Markaziy Osiyoda venchur bozorini rivojlantirishning yangi bosqichi bo‘ladi.

Sammitda texnokompaniyalar asoschilari, venchur jamg‘armalari va innovatsion biznes bilan ishlaydigan tashkilotlar vakillari ishtirok etadi. Ular mahalliy startaplarning o‘sishi, kapital jalb qilish, miqyosni kengaytirish, shuningdek, ekotizimni rivojlantirishda davlat va xususiy investorlarning o‘rnini muhokama qiladi.

23-sentyabr kuni Enterprise Uzbekistan Summit o‘tkazilishi kutilmoqda. Unda O‘zbekistonning texnologik yurisdiksiya sifatida rivojlanishi, institutsional infratuzilmani yaratish va investitsiyalarni jalb etish uchun shart-sharoitlar muhokama qilinadi.

Ishtirokchilar xalqaro kompaniyalarning O‘zbekistonda biznes yuritishi sabablari, ekotizimning asosiy institutlari o‘rtasidagi vazifalar taqsimoti va texnologik sektorning o‘sishi uchun zarur bo‘lgan me‘yoriy sharoitlarni ko‘rib chiqadilar. Shuningdek, “Global texnologik iqtisodiyot uchun yurisdiksiyalarni qayta ko‘rib chiqish” (Rethinking Jurisdictions for the Global Technology Economy) mavzusida panel muhokamasi o‘tkaziladi.

Shu kuni, ya‘ni 23-sentyabrda StartupBlink tashkiloti tomonidan mamlakatlar, shaharlar va mintaqalarni taqdirlash marosimi — Global Startup Ecosystem Awards bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng o‘sish omillari, resurslarni taqsimlashdagi ustuvorliklar va rivojlanayotgan texnologik bozorlar uchun amaliyotlarga bag‘ishlangan “Best Practices in Startup Ecosystem Development” panel muhokamasi o‘tkaziladi.

24-sentyabrga Startup World Cup tanlovining mintaqaviy finali rejalashtirilgan. Startap jamoalari o‘z loyihalarini live pitch formatida xalqaro hakamlar hay‘ati hamda venchur hamkorlarga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hududiy bosqich g‘olibi San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan global Startup World Cup tanlovida ishtirok etib, $1 mlnlik investitsiya sovrini uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Bundan tashqari, shu kuni ayollar tadbirkorligi va IT sohasidagi yetakchilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan SABRIYA tadbiri bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar va taklif etilgan ekspertlar raqamli iqtisodiyotda ayollarning o‘rni, texnologik kompaniyalarni rivojlantirish va o‘z loyihalarini ishga tushirish imkoniyatlarini muhokama qiladi.

Tadbir dasturidan quyidagilar o‘rin olgan:

  • raqamli iqtisodiyotda ayollar yetakchiligi va innovatsiyalar;
  • texnologik kompaniyalarni yaratish va rivojlantirish bo‘yicha amaliy tajriba;
  • raqamli g‘oyadan to‘laqonli loyihagacha bo‘lgan yo‘l;
  • IT sohasida ayollar tashabbuslarini rivojlantirish vositalari;
  • interaktiv sessiyalar, spikerlar bilan muloqot, savol-javoblar (Q&A);
  • Leadership Awards mukofotlarini topshirish.

25-sentyabr kuni AWS Community Day Uzbekistan bo‘lib o‘tadi. Startaplar infratuzilma, mahsuldorlik va mahsulotlar miqyosini kengaytirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun AWS texnologiyalari va bulutli yechimlari bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Ignyte AI Challenge ishtirokchilari o‘z loyihalarini xalqaro ekspertlarga taqdim etadilar. ICT Week tashrifchilari yechimlar taqdimotlari bilan tanishib, sun‘iy intellekt sohasida rivojlanayotgan mahsulotlar haqida bilib olishlari mumkin.

Dasturdagi yakuniy startap-tadbiri TAQDIMOT (Startup Show & Pitch Battle) bo‘ladi. Sahnada istiqbolli texnologik loyihalar qisqa taqdimotlar va pitch battle formatida namoyish etiladi.

Spot, avvalroq, avgust oyida O‘zbekistondagi qaysi startaplar investitsiya jalb qilgani haqida yozgandi.