Avgust oyida O‘zbekistondagi oltita startap dastlabki bosqichdagi investitsiya raundlarini yopdi. Bu haqda Spot’ga venchur ma’lumotlar platformasi Stanbase ma’lum qildi.

To‘rtta raund bo‘yicha ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, jalb qilingan investitsiyalarning umumiy hajmi $359 mingni tashkil etdi. Yana ikkita bitim bo‘yicha investitsiya summasi oshkor qilinmagan.

Eng yirik ochiqlangan investitsiya raundini Prestige Club B2B platformasi o‘tkazdi. U turizm xizmatlarini banklar va fintech kompaniyalari ilovalariga integratsiya qilish imkonini beradi. Yoshlar Ventures jamg‘armasi platformaga $150 ming investitsiya kiritgan. Bu haqda 17-avgust kuni ma’lum qilindi.

Ikkinchi o‘rinda Osnova korporativ ta’lim xizmati turadi. U UC Ventures jamg‘armasidan pre-seed raund doirasida $124 ming oldi. 2024-yilda tashkil etilgan kompaniya xodimlarni raqamli vositalar va sun’iy intellekt bilan ishlashga o‘rgatish bilan shug‘ullanadi.

Kuchli uchlikni Bitimchi AI platformasi yakunlaydi. U nomi oshkor qilinmagan biznes farishtalardan $45 ming jalb qildi. Platforma shartnomalar va hisob-fakturalarni avtomatik tayyorlash, bitimlarning soliq oqibatlarini prognoz qilish, kiruvchi hujjatlarni ehtimoliy xatarlar bo‘yicha tahlil qilish hamda kontragentlarni tekshirish xizmatlarini taqdim etadi.

Yana $40 ming modulli yo‘ltanlamas platformalar ishlab chiqaruvchi DriveX loyihasiga to‘g‘ri keldi. Kompaniya tog‘ turizmi, murakkab sharoitlarda yuk tashish va qutqaruv xizmatlari uchun bazaviy shassiga o‘rnatiladigan modullar ishlab chiqadi.

DriveX Yoshlar Ventures jamg‘armasidan $25 ming, Turin politexnika universitetidan esa $15 ming oldi. U Yoshlar Ventures, Yoshlar ishlari agentligi va UzCombinator tomonidan ishga tushirilgan TechCombinator akseleratorining ilk loyihalaridan biri bo‘lgan.

Kommunal to‘lovlar xizmati Domo IT Park Ventures’dan miqdori oshkor qilinmagan investitsiya oldi. Bu haqda 25-avgust kuni Silk Road Finance & Technology Forumda ma’lum qilindi.

Avtomatik to‘lovlarni sozlash, iste’mol va xarajatlarni kuzatish imkonini beruvchi ilovada 2,3 mln nafar ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi va oyiga 1,5 mln nafar auditoriya mavjud.

Bundan tashqari, Smartup loyihasi ilk bor tashqi investitsiya jalb qildi. Mablag‘ni AQSHning Plug and Play akseleratori kiritgan.

Loyiha savdo vakillari, omborlar, moliyaviy bo‘limlar va savdo marketingini yagona tizimga birlashtirish orqali kundalik iste’mol tovarlari distribyutsiyasini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan.

StartapFaoliyat sohasiInvestitsiya hajmi
Investorlar
Prestige ClubB2B (fintech, turizm xizmatlari)$150 000Yoshlar Ventures
OsnovaEdTech (korporativ ta’lim)$124 000UC Ventures
Bitimchi AIB2B (buxgalteriya, yuridik xizmatlar, soliq maslahatlari)$45 000Biznes farishtalar
DriveXHardware (avtotransport uchun modulli yo‘ltanlamas platformalar ishlab chiqish)$40 000Yoshlar Ventures, Turin politexnika universiteti
DomoFintech (kommunal to‘lovlar, iste’molni monitoring qilish)Oshkor qilinmaganIT Park Ventures
SmartupB2B (tovarlar distribyutsiyasini avtomatlashtirish)Oshkor qilinmaganPlug and Play

Avvalroq Spot ustuvor yo‘nalishlardagi startaplar UzVC fondidan 5 mlrd so‘mgacha investitsiya olishi haqida yozgandi.