Adliya vazirligi banklarda aktivlar sifatini tasniflash hamda ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun zaxiralar shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026-yil 10-sentyabrda 3937-raqam bilan ro‘yxatga olingan.

Yangi tartib banklar, jumladan mikromoliya banklari va islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga tatbiq etiladi. Aktivlar “standart”, “substandart”, “qoniqarsiz”, “shubhali” va “umidsiz” toifalarga ajratiladi. Ular bo‘yicha mos ravishda 1%, 10%, 25%, 50% va 100% miqdorida zaxira shakllantiriladi.

Aktivlarni tasniflashda obyektiv mezonlar hamda to‘lov ehtimoli pastligi hisobga olinadi, natijalar farq qilsa, yomonroq toifaga olinadi. Banklar, nobank kredit, sug‘urta va lizing tashkilotlariga berilgan aktivlar uchun alohida mezonlar belgilanadi.

Restrukturizatsiya qilingan aktivlar sifatini yaxshilash uchun belgilangan shartlar bajarilishi va kamida 6 yoki 12 oylik sinov davri o‘tishi talab etiladi. Zaxiralar oyiga kamida bir marta qayta ko‘rib chiqiladi.

2028-yil 1-yanvardan muammoli aktivlarga “foizlarni o‘stirmaslik” maqomi beriladi. Bunda hisoblangan, ammo olinmagan foizli va boshqa daromadlar balansdan tashqari hisobvaraqlarga o‘tkaziladi.

Aktivlarni zaxira hisobidan balansdan tashqari hisobvaraqlarga o‘tkazish yoki hisobdan chiqarish qarz majburiyatini bekor qilmaydi.

Avvalroq Spot banklar o‘z kartalari o‘rtasidagi to‘lovlarni o‘z infratuzilmasida qayta ishlashi mumkin bo‘lishi haqida yozgan edi.