O‘zbekistonda plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini alohida yig‘ish va qayta ishlashga topshirishni rag‘batlantiruvchi pilot loyiha ishga tushirildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Loyiha agentlik hamda Norvegiyaning chiqindilarni avtomatik yig‘ish va saralash texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi TOMRA kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Aholi plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini maxsus fandomatlarga topshirib, har bir idish uchun 150 so‘m olishi mumkin. Mablag‘ Click elektron hamyoniga o‘tkaziladi.
Shuningdek, foydalanuvchilar pulni xayriyaga yo‘naltirishi mumkin. Bunda yig‘ilgan idishlarni sotishdan tushgan mablag‘lar xayriya maqsadlari va daraxt ekish tashabbuslariga sarflanadi.
Fandomatlar ichimlik idishlarini boshqa maishiy chiqindilarga aralashtirmasdan alohida yig‘ish imkonini beradi. Saralangan materiallardan ikkilamchi xomashyo olinib, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishda qayta foydalaniladi.
Pilot loyiha o‘zini oqlasa, kelgusida fandomatlarni respublikaning boshqa hududlaridagi aholi gavjum joylarga bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yil oxirigacha ikkita chiqindi yoqish zavodi ishga tushirilishi haqida yozgandi.