Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent ko‘chalarida Yandex Lavka yetkazib berish xizmatining robot-kuryeri aks etgan videolar tarqaldi.

Unda ko‘k rangli, to‘rt g‘ildirakli robot piyodalar yo‘lagi bo‘ylab mustaqil harakatlanayotgani, uning yonida bu jarayonni kuzatib borayotgan xodim ham borligi ko‘rinadi. Robot korpusiga esa “Tez orada” degan yozuv tushirilgan.

Yandex Uzbekistan matbuot xizmati Spot’ga videoda ko‘ringan robot kompaniyaga tegishli ekanini tasdiqladi.

“Kuryer-robotlar hozir sinovdan o‘tkazilmoqda va ishga tushirishga tayyorlanmoqda. Kelgusida ular Yandex Lavka xizmati orqali buyurtmalarni yetkazib beradi”, — deyiladi kompaniya izohida.

Kompaniya loyiha qachon ishga tushirilishi va uning tafsilotlari haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

2024-yil noyabr oyida Toshkentda Yandex Go platformasining bir qismiga aylangan yangi oziq-ovqat va tayyor taomlarni tez yetkazib berish xizmati — Yandeks Lavka ishga tushirildi.

Avvalroq Spot Toshkentdagi 212 ta avtobus bekati hokimlik tasarrufiga o‘tkazilishi haqida yozgan edi.