Toshkent hokimligi jamoat transporti bekatlari joylashgan 177 ta hududni doimiy foydalanish huquqi bilan o‘z tasarrufiga oladi. Poytaxt hokimi Shavkat Umurzaqov bu haqdagi qarorni 30-iyun kuni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, ommaviy xatlov yakunida rekonstruksiya qilinishi zarur deb topilgan bekatlar joylashgan yer uchastkalari hokimlik nomiga doimiy foydalanish huquqi bilan qayta rasmiylashtiriladi. Ushbu hududlarda joylashgan inshootlar esa hokimlik mulkiga o‘tkaziladi.

Umumiy maydoni 8 884 kvadrat metr bo‘lgan 212 ta bekat majmuasi hokimlik tasarrufiga o‘tadi. Ayrim bekatlarda rekonstruksiya qilinadigan bir nechta obyekt mavjud.

Eng ko‘p bekatlar Shayxontohur tumanida joylashgan bo‘lib, bu yerda 35 ta nuqta hokimlik tasarrufiga o‘tadi. Shuningdek, qaror Yunusoboddagi 26 ta, Chilonzordagi 24 ta va Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 22 ta bekatni ham qamrab oladi.

Ro‘yxatga asosan, rekonstruksiya qilinadigan bekatlar asosan yirik ko‘chalar va aholi gavjum joylarda joylashgan. Jumladan:

  • Chilonzorda — “Ippodrom-2”, “Shuhrat” do‘koni, “Xalqlar do‘stligi saroyi”;
  • Yunusobodda — “Yunusobod tumani hokimligi”, “Malika bozori”, “Gidrometeomarkaz”, “Yunusobod bozori”;
  • Yashnobodda — “Qo‘yliq-3” va “Farg‘ona bozori” bekatlari hokimlik tasarrufiga o‘tadi.

Qaror ijrosi Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev zimmasiga yuklatilgan.

Avvalroq Spot Urganch-Xiva yo‘nalishi uchun 10 ta yangi gibrid trolleybus olib kelingani haqida yozgan edi.