Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) Davr Bank xususiy aksiyadorlik tijorat banki aksiyalarining 51% lik nazorat paketini sotib oldi. Toshkent Respublika fond birjasida qayd etilgan bitimning umumiy qiymati 1,646 trln so‘mni (taxminan $140 mln) tashkil etdi.
Birja ma‘lumotlariga ko‘ra, tranzaksiya 10-sentabr kuni oltita ketma-ket bitimlar seriyasi ko‘rinishida amalga oshirilgan. ABB jami 51 mln dona oddiy aksiyani har bir qimmatli qog‘oz uchun 32 281,28 so‘mlik yagona narxda sotib olgan.
23-avgust kuni Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) Davr Bank‘dagi ulushni sotib olishni yakunlagani e‘lon qilindi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuvida namoyish etilgan qo‘shma loyihalarga oid videorolikda maʼlum qilingan.
O‘shanda ikki davlat rahbarlari Ozarbayjonning O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarini ochish va poydevoriga tamal toshini qo‘yish marosimlarida onlayn ishtirok etgandi. Ochilgan uchta loyihadan biri Davr Bank bo‘ldi. Aliyev OAV vakillari bilan uchrashuvda “Ozarbayjonning yetakchi banki O‘zbekiston bozoriga kirib kelganini” ma‘lum qildi.
Bundan bir kun avval Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlarining IV forumida so‘zga chiqib, ABBning O‘zbekiston bank bozoriga kirib kelishini e‘lon qilgandi.
“Bugun Ozarbayjon va butun Janubiy Kavkaz mintaqasining eng yirik banki — ABB bilan shartnoma imzolanadi, bu bankning Davr Bank‘da ishtirok etish va ulushini sotib olish orqali O‘zbekiston bozoriga kirib kelishini anglatadi”, — dedi vazir.
Jabborov qulay investitsiya muhiti yaratilgani va loyihaning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlagani uchun Shavkat Mirziyoyevga, regulyatorga, Markaziy bankka va mamlakat hukumatiga minnatdorlik bildirdi.
27-avgust kuni Toshkent fond birjasi Davr Bank‘ning oddiy aksiyalari birja kotirovka varag‘idan chiqarilganidan 5,5 yil o‘tib, ular bilan savdolar qayta tiklanganini ma‘lum qildi. UZ7050240009 kodli qimmatli qog‘ozlar DRBK tikeri ostida listingga kiritildi. Ular bo‘yicha savdolar 28-avgustdan boshlandi.
Bitim haqida nimalar ma’lum
May oyida davlatga tegishli Ozarbayjon xalqaro banki yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning Davr Bankini sotib olish va O‘zbekiston bozorida ish boshlashni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Ozarbayjon davlat banki Davr Bank aksiyalarining 51%ni $100 mlnga sotib olish niyatini bildirgan.
Iyun oyida Davr Bank aksiyadorlari Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) bilan bankning 51% aksiyalarini sotish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishni ma’qulladi.
KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Davr-bank xususiy aksiyadorlik tijorat banki 2001-yil 29-sentabrda davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, ustav fondi 500 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Bankning eng yirik ulushi — 46,9% Ubayev Lutfulla Xayrullayevichga tegishli. Shuningdek, Ubayeva Maxfuza Abdumalikovna 13,5%, Raxmatullayeva Durdona Lutfullayevna 9,9% hamda Mirzayatov Mirkodir Mirsagatovich 9,8% ulushga egalik qiladi.

Spot, avvalroq, davlat strategik korxonalarni xususiylashtirishda “oltin aksiya"ni saqlab qolishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.
