23-avgust kuni Ozarbayjon va O‘zbekiston prezidentlari ishtirokida ABB Davr loyihasiga rasman start berildi. ABB Boshqaruvi raisi Abbos Ibragimov O‘zbekiston bozoriga kirish uchun nima uchun Davr Bank tanlangani, bo‘lajak rebrending va guruhning mamlakatdagi kelgusi rejalari haqida gapirib berdi.
Hozir ko‘pchilikni asosiy savol qiziqtiradi: bank ABB Davr brendi ostida qachon ishlay boshlaydi?
Ha, 23-avgust biz uchun tarixiy kunga aylandi. Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti janob Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti janob Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ABB Davr loyihasiga rasman start berildi. Ozarbayjon Prezidenti bu voqeani yetakchi ozarbayjon bankining O‘zbekiston bozoriga chiqishi sifatida ta’rifladi. Biz uchun bu bir vaqtning o‘zida katta g‘urur va mas’uliyatdir.
Biz ushbu loyihaga yuqori darajada ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun Ozarbayjon va O‘zbekiston prezidentlariga minnatdorchilik bildiramiz. Shuningdek, loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlarida ko‘maklashgan ikki mamlakat davlat tuzilmalariga — markaziy banklarga, Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga minnatdorchilik bildirishni istardik.
Loyihaning rasmiy startidan oldin barcha zarur ruxsatnomalar olindi va aksiyalarni sotib olish-sotish shartnomasi allaqachon imzolandi. Keyingi bosqichda qonunchilik va shartnomada nazarda tutilgan tartib-taomillarga muvofiq aksiyalarga bo‘lgan huquqlarning yuridik o‘tkazilishi amalga oshiriladi va aksiyadorlar reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Ushbu jarayon yakunlangandan so‘ng ABB Davr Bankning asosiy aksiyadoriga aylanadi. Bu jarayon yaqin 7−10 kun ichida yakunlanishini kutmoqdamiz.
ABB Davr brendi ostida ish bankning nomi o‘zgarishi bilan bog‘liq rasmiy tartib-taomillar yakunlangandan so‘ng darhol boshlanadi. Menimcha, taxminan oktyabr oyida ABB Davr brendini ko‘ramiz.
Rebrending qanday tartibda o‘tkaziladi?
Birinchi navbatda biz korporativ kommunikatsiyalar va raqamli kanallardan boshlaymiz. Filiallar, bankomatlar, kartalar va mijozlar bilan aloqaning boshqa jismoniy nuqtalarining ABB Davr brendiga o‘tishi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Aynan shunday yondashuv bizning o‘tish rejamizda ham nazarda tutilgan.
Bizning vazifamiz — shunchaki nomi va yorlig‘ini almashtirish emas, balki ABB brendi ortida turgan xizmat sifati, texnologiyalar, innovatsiyalar va institutsional tajribani O‘zbekistonga olib kirishdir.
Asosiy ustuvorliklaringiz qanday?
Birinchi bosqichda bizning maqsadimiz — Davr Bankning mavjud kuchli tomonlarini saqlab qolish va shu bilan birga keyingi rivojlanish uchun mustahkam asos yaratishdir. Keyin ABB Davrga korporativ boshqaruv, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, risklarni boshqarish va mijozlar tajribasi sohasidagi ABB tajribasini bosqichma-bosqich joriy qilamiz.
Shuningdek, qisqa muddatda natija bera oladigan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratamiz. Ozarbayjonda samaradorligini isbotlagan ba’zi raqamli va sun’iy intellektga asoslangan yechimlar mahalliy bozor xususiyatlariga tezda moslashtirilib, ABB Davrga joriy etilishi mumkin.
Nima uchun O‘zbekiston bozoriga chiqish uchun aynan Davr Bankni tanladingiz?
Biz undan kattaroq qiymat yaratishimiz mumkin bo‘lgan bank, platformani izladik. Qidiruv jarayonida Davr Bankning tarixini, faoliyatini, mahsulot va xizmatlarini, hamkorlik munosabatlari va xalqaro aloqalarini diqqat bilan o‘rgandik. Bank ko‘plab parametrlar bo‘yicha mezonlarimizga mos kelishi haqida xulosaga keldik — bunga rivojlanish dinamikasi, xalqaro aloqalar, xizmat ko‘rsatish tarmog‘i, mijozlar segmentlari, barqaror va yuqori o‘sish sur’atlari kiradi.
Bugungi kunda Davr Bankning 2 mln nafardan ortiq mijozi, 1 800 dan ortiq xodimi, poytaxt va viloyatlarda 43 ta filial va xizmat ko‘rsatish markazi mavjud. Aktivlar hajmi 2 mlrdmanatdan oshadi. Bank kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishda faol o‘rin egallaydi.
Biz uchun nafaqat raqamlar, balki hamkorlik yondashuvi ham muhim edi. Davr Bankda yaxshi bazani, biznes-modelni, kuchli jamoani, biz bilan bir yo‘nalishda qarayotgan va bizning qarashlarimizni baham ko‘radigan hamkorni ham ko‘rdik. Bankning kelajagi va keyingi rivojlanish yo‘nalishlariga bo‘lgan qarashlarimiz amaldagi aksiyadorlar va bank jamoasi bilan ko‘p jihatdan mos keldi.
Davr Bank — bu shunchaki yangi bozorga chiqish uchun platforma emas. Bu allaqachon shakllangan, kuchli jamoaga, mijozlar bazasiga va mahalliy bozorni chuqur bilishga ega o‘zbek banki. Bizning vazifamiz — ushbu asosni yanada rivojlantirish, mahalliy bozorni bilish, jamoa va Davr Bankning mavjud kuchli tomonlarini ABB kapitali, texnologiyalari va institutsional tajribasi bilan birlashtirishdir.
ABB Davr qanday bank bo‘ladi?
Maqsadlarimiz aniq. Biz ABB Davrning, avvalo, mahalliy mijozlar va tadbirkorlarga yaqin, shu bilan birga xalqaro tajriba, zamonaviy texnologiyalar va kattaroq moliyaviy guruh imkoniyatlaridan foydalanadigan o‘zbek banki bo‘lishini istaymiz.
ABB Davr jismoniy shaxslarga, shuningdek kichik va o‘rta biznes hamda korporativ mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi universal bank bo‘ladi. Ayniqsa kichik va o‘rta biznes bilan ishlash, raqamli banking, to‘lovlar, hujjatli operatsiyalar va korporativ moliyalashtirish kabi yo‘nalishlarda katta salohiyatni ko‘rmoqdamiz.
Shu bilan birga vaqt o‘tishi bilan Ozarbayjonda muvaffaqiyatli shakllantirgan Beyond Banking sohasidagi tajribamizni ham O‘zbekiston bozoriga moslashtirmoqchimiz.
Shu yerda juda muhim jihatni ta’kidlab o‘tmoqchiman. Biz ABB modelini Ozarbayjonda o‘zgarishsiz holda O‘zbekiston bozoriga oddiygina ko‘chirishni mo’ljallamayapmiz. Bank biznesi ko‘p jihatdan mahalliy xususiyatga ega. O‘zbekiston bozori — katta, dinamik va o‘ziga xos xususiyatlarga ega bozor. Buni hisobga olgan holda, biz mahsulot va xizmatlarimizni mahalliy mijozlarning ehtiyojlari va xatti-harakatlariga, shuningdek, bozor xususiyatlariga moslashtiramiz.
Aynan shuning uchun bizga o‘zbek mijozlarining ehtiyojlari, bozor xususiyatlari, mahalliy jamoaning bilim va tajribasi tamoyil jihatdan muhimdir. ABB texnologiyalari va tajribasini ushbu mahalliy bilim va kompetensiyalar bilan birlashtiramiz.
ABB Davr Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qanday hissa qo‘sha oladi?
O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 470 dan ortiq korxona, Ozarbayjonda esa o‘zbek kapitali ishtirokidagi 130 dan ortiq korxona ro‘yxatga olingan. Ushbu raqamlarning o‘zi ikki mamlakat o‘rtasida jiddiy biznes-ekotizim shakllanganini ko‘rsatadi. O‘zaro savdo va investitsiyalar o‘sishi bilan ushbu kompaniyalarning moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib bormoqda.
ABB Davr ushbu ekotizim uchun moliyaviy ko‘prikka aylanishi mumkin. Hisob-kitoblar, savdo moliyalashtirishi, hujjatli operatsiyalar, shuningdek yangi biznes va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish bu borada qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.
Shu bilan birga, ABB Davr birinchi navbatda O‘zbekiston bozori va o‘zbek mijozlari uchun ishlaydigan mahalliy bank bo‘ladi. Biz mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga va ayniqsa kichik va o‘rta biznesning rivojlanishiga real hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz.
Ushbu loyihaning ABB uchun strategik ahamiyati qanday?
Bu ABBning 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasida nazarda tutilgan geografik ekspansiya maqsadiga erishishning birinchi katta qadamidir. Biz uchun ayniqsa muhimi — bu yo‘lni aynan qardosh O‘zbekistondan boshlayotganimiz.
ABB Moliya guruhi sifatidaendi taxminan 5,5 mlnmijozga xizmat ko‘rsatamiz, murojaat qila oladigan potentsial auditoriyamiz esa taxminan 10 mlndan 50 mln kishigacha oshadi.
Ammo men bu loyihaning ahamiyatini faqat raqamlar bilan o‘lchamagan bo‘lardim. Biz O‘zbekistonga nafaqat kapital olib kirmoqdamiz. Shuningdek, so‘nggi yillarda Ozarbayjonda shakllantirgan bilim, tajriba va yechimlarni ham eksport qilmoqdamiz. Rqamli yechimlarimiz, sun’iy intellekt modellarimiz, risklarni boshqarish va korporativ boshqaruvga yondashuvlarimiz, shuningdek, an’anaviy banking chegarasidan tashqarida biz yaratgan xizmatlar imkoniyatlarini ancha kattaroq miqyosda qo‘llash imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Yana bir strategik ustunlik — masshtab effekti. Kattaroq mijozlar bazasi bizga texnologiyalar va sun’iy intellektga ko’proq investitsiya qilish imkonini beradi. Ertaga yaratadigan har qanday raqamli yechim yoki sun’iy intellekt modeli faqat Ozarbayjonga qaraganda ancha kengroq geografiyada millionlab mijozlarga foyda keltira oladi.
Reklama huquqlari asosida.