Irlandiyaning Ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi (DPC) Google kompaniyasini 403 mln yevro miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Bunga foydalanuvchilarning joylashuv ma’lumotlarini qayta ishlashdagi qoidabuzarliklar sabab bo‘lgan.
Regulyator kompaniya foydalanuvchilarga geoma’lumotlardan, jumladan, reklama maqsadida va ularning qiziqishlarini aniqlash uchun qanday foydalanishi haqida yetarlicha shaffof ma’lumot bermagan, degan xulosaga kelgan.
Tekshiruv Google’ning uchta funksiyasi — Web & App Activity, Location History va Location Accuracy’ga taalluqli bo‘lib, 2018-yil mayidan 2020-yil fevraligacha bo‘lgan davrni qamrab olgan.
DPC baholashiga ko‘ra, Google joylashuv ma’lumotlarini zarur bo‘lganidan uzoqroq muddat saqlagan. Bu esa foydalanuvchilarning o‘z ma’lumotlari ustidan nazoratini yanada cheklagan.
Tekshiruv Yevropadagi iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarning shikoyatlaridan so‘ng boshlangan. Ular insonning harakatlanishi haqidagi ma’lumotlar uning qiziqishlari va tashrif buyuradigan joylari kabi nozik ma’lumotlarni ochib berishi mumkinligini ta’kidlagan.
Google esa ish eskirgan qoidalarga taalluqli ekanini bildirgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yildan boshlab geoma’lumotlar bilan ishlash yondashuvi sezilarli darajada o‘zgartirilgan va foydalanuvchilar uchun ularni boshqarish vositalari qo‘shilgan.
Shu bilan birga, DPC Google’ni olti oy ichida tegishli ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonlarini GDPR talablariga to‘liq muvofiqlashtirishga majbur qilgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi ishga tushirilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti bilan O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasini muhokama qildi.