Avvalroq Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektar maydon avtoturargoh tashkil etish uchun auksionga chiqarilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mazkur loyiha yuzasidan munosabat bildirib, hozircha ekologik ekspertiza xulosasi mavjud emasligini ma‘lum qildi.
Qayd etilishicha, hududdagi har qanday qurilish va obodonlashtirish ishlari, jumladan, daraxt va butalar, yashil maydonlar hamda tuproq qoplamiga ta‘sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ishlar tegishli ekologik baholashdan o‘tkazilmasdan amalga oshirilishi mumkin emas.
Loyiha doirasida 1 mingdan ortiq daraxt va buta ekish rejalashtirilgan. Biroq qo‘mitaga ko‘ra, yangi ko‘chatlar mavjud ko‘p yillik daraxtlar va shakllangan yashil hududlarning ekologik, iqlimiy hamda rekreatsion ahamiyatining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi.
Qo‘mita hududdagi mavjud yashil maydon va daraxtlarni maksimal darajada saqlab qolish, ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda loyiha hujjatlarini belgilangan tartibda ekologik ekspertizadan o‘tkazish zarurligini bildirdi.
Avtoturargoh loyihasi haqida
Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilib, hududdan 10 yil foydalanish huquqi berilishi ko‘zda tutilgan. Mavjud daraxtlar saqlanib, 1 mingdan ortiq daraxt va buta ekish hamda 720 metrlik piyodalar yo‘lagini barpo etish rejalashtirilgan.
Keyinroq Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi Toshkentdagi ayrim yashil hududlarda avtoturargoh qurilishi yuzasidan munosabat bildirdi. Qo‘mita shahar markazidagi yashil hududlarni kamaytirish va jamoat joylarida konstruktiv qurilishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq emasligini qayd etdi.
Shuningdek, avtoturargohlarni tashkil etishda ko‘kalamzor maydonlarning qisqarishi hamda piyodalar uchun yaratilgan sharoitlarning yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligi ta‘kidlandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yagona raqamli transport tizimini yaratish taklif qilingani haqida yozgandi.